Hisobot Tolibon bilan murosa qilmaslikka chaqirmoqda


Karnegi nomidagi Xalqaro tinchlik uchun jamg'arma yaqinda Afg'onistonga bag'ishlangan hisobot chiqarib, Qo'shma Shtatlar va NATOni Tolibon bilan hali-beri murosa qilmaslikka chaqirgan. Jamg'arma tahlilchilariga ko'ra, Afg'onistonda vaziyat turg'un emas, shu sabab toliblar bilan mojaroni muzokara orqali hal qilishga sabab ham yo'q.

Prezident Barak Obamaning aytishicha, Amerikaning maqsadi - Afg'oniston va Pokiston tinchligiga rahna solayotgan al Qoida va Tolibonni mag'lub etish. Shu maqsadda Afg'onistonga qo'shimcha 21 ming askar yuborilib, har ikki davlatga iqtisodiy yordam va mutaxassislar ajratilmoqda.

Bu Obamaning 27 mart kuni e'lon qilingan strategiyasining bir qismidir. Hokimiyat uchun jang qilayotgan guruhlar mamlakat ravnaqi uchun murosa qilishi lozim, deydi Obama.

"Ko'p yillardan beri urush domidan chiqmayotgan, qashshoqlikka botgan davlatda raqiblar o'zaro kelishmas ekan, tinchlik hali-beri bo'lmaydi," deydi AQSh prezidenti.

Uning aytishicha, Tolibonning murosaga tayyor bo'lmagan, mutaassib qismiga qarshi harbiy kuch ishlatish lozim. Ammo boshqalarini normal hayotga, jamiyatga qaytarish kerak.

"Ba'zi jangarilar do'q-po'pisa ostida yoki mukofot uchun qo'lga qurol olgan. Ularga hayotini o'zgartirishga imkon berish lozim. Buning uchun har bir viloyatda mahalliy oqsoqollar va rahbarlar, Afg'oniston hukumati va xalqaro hamkorlar bilan birgalikda maslahatlashgan holda ish tutamiz," deydi Obama.

Biroq Karnegi jamg'armasining tahliliy hisobotida toliblar bilan murosa qilishga hali erta deyiladi.

Afg'onistonning AQShdagi elchisi Said Javod ham shu fikrda.

"Hozirgi vaziyatni hisobga oladigan bo'lsak, Tolibon bilan muloqot zaif siyosatdan dalolatdir. Tarozining og'ir pallasida turgan taqdirdagina muzokaradan foyda bo'ladi. Toliblar kuchayib borar ekan, biz bilan muzokara qilishga ularda ehtiyoj yo'q," deydi elchi.

Afg'oniston sobiq ichki ishlar vaziri, ayni damda Vashingtondagi Mudofaa universitetida ta'lim berayotgan Ali Jaloliyning aytishicha, muzokara samara berishi uchun hukumat va NATO kuchlari tashabbus va hududlar nazoratini qo'lga olishi, aholi ishonchini qozonishi zarur.

"Tolibon g'alaba qilyapmiz deb o'ylayapti. Bunday vaziyatda esa tinchlikka yoki biron-bir bitimga qaratilgan jiddiy muloqot o'tkazib bo'lmaydi," deydi Jaloliy.

Jamg'arma hisobotida aytilishicha, Afg'oniston hukumati korrupsiyadan xalos bo'lib, ishini yaxshilamas ekan, harbiy va siyosiy yutuqlarga erishish oson bo'lmaydi.

Hisobot muallifi Eshli Tellis fikricha, davlat boshqaruvi tizimida xatolar ko'p, tartib yo'q, oddiy xalq ehtiyojlari qondirilmayapti.

AQSh Kongressidagi ba'zi qonunchilar, xususan demokratlar, Obama ma'muriyatini Afg'onistondagi vaziyatni imkon qadar tezroq yaxshilashga chaqirib, prezidentni ushbu masalada yana bir yilcha qo'llab-quvvatlashlarini bildirmoqda.

Biroq, deydi tahlilchi Eshli Tellis, al Qoida va Tolibonni mag'lub etish uzoqroq vaqt talab etadi.

"Yangi strategiya 2-3 yilga mo'ljallangan. Ungacha katta o'zgarishlarni kutmaslik kerak," deydi Tellis.

Karnegi jamg'armasi hisobotiga ko'ra, g'alabaga siyosiy va harbiy choralarni birga qo'llagan holda erishish mumkin va ana shundan so'ng siyosiy murosa haqida gapirish mumkin bo'ladi.

XS
SM
MD
LG