Breaking News

Obama yadro qurollaridan xoli dunyo tarafdori


Prezident Barak Obamaning aytishicha, Qo'shma Shtatlar jahon bo'ylab yadro qurollarini kamaytirishni targ'ib qilishda faollikni qo'lga olishi zarur. Obama bu haqda Oq uyda sobiq davlat kotiblari va mudofaa vazirlari bilan uchrashuvi chog'ida so'zlagan.

"Amerika bu harakatlarga bosh-qosh bo'lishi, nafaqat Rossiya, balki boshqa davlatlar bilan ham hamkorlikda yadro qurollari xavfini kamaytirish va keyinchalik umuman bartaraf etishga intilishi lozim," deydi Obama.

Prezident sobiq davlat kotiblari Jorj Shults va Genri Kissinjer, sobiq mudofaa vaziri Uilyam Perri va Senat Qurolli kuchlar qo'mitasining sobiq raisi Sem Nan bilan yadro qurollari tarqalishining oldini olish mavzusini muhokama qilgan.

"Bu boradagi xalqaro bitimni kuchaytirishimiz lozim. Eng yirik yadro qurollari zaxirasiga ega yana bir davlat - Rossiya bilan hamkorlikda bu kabi qurollarga bo'lgan ehtiyojdan qutulishga harakat qilishimiz lozim," deydi Obama.

Iyul oyida Obama Moskvaga tashrif buyurib, prezident Dmitriy Medvedev bilan yadro arsenalini qisqartirish haqida muloqot qiladi.

"Yadro qurollari sinovini man etuvchi bitimni ratifikatsiya qilishimiz, xavfsizligi yaxshi ta'minlanmagan yadro qurollarining terrorchilar qo'liga tushish ehtimolini bartaraf etishimiz zarur," deydi Obama.

Sobiq rasmiylar prezidentning yadro qurollarini cheklash borasidagi siyosatini qo'llab-quvvatlashini bildirgan.

XS
SM
MD
LG