AQSh: Qozog'iston ishonchni oqlamayapti


Qozog'iston kelasi yili Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qiladi.

2007 yili bu borada Madridda kelishib olinganida Nursulton Nazarboyev boshchiligidagi hukumat xalqaro hamjamiyat oldida katta va'dalar bergan.

Xususan mamlakatni demokratlashtirish, so'z va matbuot erkinligini ta'minlash, siyosiy muxolifatni ezmaslik, korrupsiyaga qarshi kurash va hokazo.

Qozog'istonning bu yirik tashkilotga rahbarlik qilishini qo'llab-quvvatlagan AQSh bugungi vaziyatdan rozi emas.

Shu paytgacha Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotini sobiq Sovet Ittifoqi hududidagi davlatlardan birortasi boshqarmagan. Ularning hammasi bu tashkilotga yo a'zo, yo uning hamkori.

Jami 56 mamlakatni o'z ichida olgan bu uyushma Markaziy Osiyoning har bir respublikasida o'z vakolatxonasiga ega.

Bu yil Gretsiya yuritayotgan tashkilot qarorgohi Avstriya poytaxti Venada joylashgan.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining asosiy maqsadi demokratiya va inson huquqlarini targ'ib qilish, mintaqaviy mojarolarga barham berib, siyosiy-ijtimoiy islohotlarni olg'a surish.

AQShning bu tashkilot bilan yaqindan ishlaydigan (Xelsinki Komissiyasi) senator va kongressmenlari "Qozog'iston bunday yuksak missiyaga bosh-qosh bo'lishga tayyormi?"- deb so'ramoqda.

"Amerika", deydi demokrat senator Ben Kardin (Cardin) Qozog'istonning Vashingtondagi elchisi Erlan Idrissov bilan yuzma-yuz muloqot qilarkan, "o'z va'dasida turgan davlatlarni hurmat qiladi".

"Qozog'iston 2007 yilda muayyan sohalarda islohotlar qilishni, 2010 yilga qadar demokratik bir jamiyatga aylanayotganini isbotlashga so'z bergan edi. Biz hozircha bunga guvoh bo'lganimiz yo'q. Yana olti oy vaqtingiz bor",- deydi senator.

Qozog'istonni Markaziy Osiyo lideri sifatida ko'radigan respublikachi kongressmen Kristofer Smit (Smith) fikricha ham Nursulton Nazarboyev demokratik prezident emas.

"Bu davlat parlamentida o'tirganlarning deyarli hammasi Nazarboyev partiyasining odamlari. Matbuot hamon na Nazarboyevni, na uning atrofidagi shaxslarni tanqid qila oladi", - deya afsus bildiradi kongressmen Smit.

Amerika siyosatchilari nazarida Qozog'istonda diniy va siyosiy erkinliklar hamon cheklangan. Bu davlatda shu kungacha o'tgan biror saylov xalqaro talablarga javob bermagan.

Qozog'iston elchisi, sobiq tashqi ishlar vaziri Erlan Idrissov, "biz harakat qilayapmiz, majburiyat va burchimizni bilamiz",- deydi.

"Qozog'iston yosh davlat. Kommunizm davridan qolgan illatlardan qutulish uchun 17 yil kamlik qiladi",- deydi Erlan Idrissov.

"Biz tub o'zgarishlar qilishga kirishganmiz. Bunda Amerikadek erkinlik barq urgan jamiyatga tayanayapmiz. Biz hozir demokratiyaning debochasidamiz xolos",- deydi elchi.

Erlan Idrissovning qayd etishicha Qozog'iston siyosiy va iqtisodiy islohotlarni yonma-yon, biri-biri bilan qorishtirgan holda olib borishga ahd qilgan va bu harakatlar samara bermoqda.

Iqtisodiy taraqqiyotsiz siyosiy rivojlanish, siyosiy taraqqiyotsiz esa iqtisodiy rivojlanish bo'lmaydi, deydi Qozog'iston diplomati.

"Adliya va qonunchilik organlarini isloh qilmoqdamiz. Xalqimiz erkin saylov, erkin ovoz berish nima ekanini bila boshlagan, o'z huquqlarini qadrlay boshlagan",- deydi Erlan Idrissov.

"Qozog'iston",- deydi elchi, "Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidek yirik tizimni boshqarish oson kechmasligini, bu idoraviy, moliyaviy va demokratik salohiyat talab etishini biladi".

Qozog'iston dunyoda korrupsiya eng chuqur ildiz otgan jamiyatlardan biri bo'lib qolmoqda. Yillik byudjeti 200-250 million dollardan iborat tashkilotni nazorat qilish mas'uliyat va oshkoralik talab qiladi. Respublika bu borada ham savol ostida.

AQShning Markaziy Osiyo bilan aloqalariga mas'ul diplomati Jorj Krol Qozog'istonni yaqin hamkor sifatida tilga oladi, ammo uning ta'riflashicha bu davlat boshqaruvi hamon repressiv.

"Qozog'iston Markaziy Osiyoning yetakchi davlati, ammo u yerda demokratik tizim va fuqaro jamiyati jadal rivojlanayotgani yo'q. Erkin matbuot yo'q",- deydi Jorj Krol.

Amerika Qozog'istondagi eng yirik sarmoyador va neft sanoati aynan uning kompaniyalari kiritgan mablag' evaziga yuritilmoqda.

Davlat departamentining amaldagi va sobiq rasmiylarining aytishicha Qozog'iston Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotini boshqarish uchun bejiz tanlanmagan.

Ular nazarida Nursulton Nazarboyev yakkahokim, mamlakatda muammolar talay, ammo respublika mintaqadagi boshqa davlatlarga qaraganda jadalroq taraqqiy etmoqda.

Nazarboyev, ular nigohida, G'arb ta'siridan hayiqmaydigan, tashqi dunyo bilan muvozanatli siyosat yuritadigan rahbar.

Jorj Krolning aytishicha Amerika Qozog'istondan aniq va dadil qadamlar tashlashni, xo'jako'rsinga emas, xalq hayotini osonlashtirish uchun uning huquqlarini e'zozlashni so'ramoqda.

Davlat kotibasi Xillari Klinton va Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Marat Tajin shu oy boshida uchrashganida, AQSh bu davlatdagi "yutuqlardan" hali to'liq qoniqmaganini bildirgan.

Qozog'istonda so'z erkinligi bilan bog'liq ahvol tanqid ostida. Axborot vositalari erkin bo'lmagan jamiyatda demokratiya rivoji haqida gapirish qiyin.

Erkin so'z va fikrdan qo'rqqan hukumat esa demokratiya targ'iboti bilan mashg'ul tashkilotni boshqara olmaydi, deydi Nursulton Nazarboyev siyosatini qoralayotgan tomonlar.

Xalqaro tashkilotlar ta'biricha kelasi olti oy Qozog'iston uchun keskin sinovlar davri bo'ladi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG