Siyosiy nizolar Ukraina iqtisodiyotiga qimmatga tushmoqda


Ukraina konstitutsiyaviy sudi prezident saylovlarini bu yilning oktabridan kelasi yilning yanvar oyiga qoldirishga qaror qilgan.

Amaldagi prezident Viktor Yushenko yana bir muhlatga saylanish harakatida, ammo kuzatuvchilar nazarida bu oson kechmaydi. Hokimiyat bo’g’inlari o’rtasidagi nizolardan ayniqsa mamlakat iqtisodiyoti qattiq aziyat chekmoqda.

Muxbirimiz Anya Ardayevaning Kiyevdan hikoya qilishicha, bir qarashda inqiroz alomatlari ko’rinmaydi. Poytaxt do’konlari gavjum, savdo chaqqon. Aslida iqtisodiy ahvol ancha og’ir, deydi tadbirkor Dmitro Tarabanik.

“Ukraina jar yoqasida turibdi, bunga shubha yo’q”, - deydi sarmoya kompaniyasi rahbari. “Mamlakat xalqaro moliyaviy tashkilotlardan olgan yordam hisobiga kunini ko’rmoqda”.

Xalqaro Valyuta Jamg’armasi yaqinda, muayyan shartlar asosida, Ukrainaga atalgan 16,5 milliard dollar qarzning ikkinchi yarmini uzatishga rozilik berdi. Lekin iqtisodiy barqarorlik haqida gapirishga hali erta.

Kiyevlik tahlilchi Ivan Lozoviy deydiki, ahvol yaxshilanishidan oldin yanada og’irlashishi kutilmoqda. “Kuzga borib ommaviy namoyishlar avj olishi mumkin”.

Inqirozdan chiqishga bir qator jiddiy omillar to’sqinlik qilmoqda. Zarg’aldoq inqilobini birgalikda amalga oshirgan sobiq maslakdoshlar – prezident Yushenko va Bosh vazira Yuliya Timoshenko o’rtasida barham topmayotgan nizolar ularning siyosiy raqiblariga qo’l kelmoqda.

So’nggi ommaviy so’rovlar natijasiga ko’ra “Regionlar” partiyasi yetakchisi Viktor Yanukovichning xalq orasida reytingi o’sib boryapti. Prezidentlikka nomzodini qo’ygan.

“Xalq siyosiy mashmashalardan charchab ketgan, amaldagi rahbarlarga ishonch qolmadi”, - deydi qonunchi Leonid Kozara. “Yushenko turli siyosiy harakatlar boshini yagona maqsad yo’lida qovushtira olmas ekan, lavozimini bo’shatsin”, deydi u.

Prezidentlikka nomzodlarda biri - sobiq tashqi ishlar va iqtisodiyot vaziri Arseni Yatsenyuk. Rossiya bilan yaqin Yanukovich va ko’proq G’arb bilan hamkorlikni ma’qul ko’ruvchi Yushenko o’rtasida mo’tadil, tsentrist siyosatchi sifatida tanilmoqda. Reytinglarda uchinchi o’rinda ketayotgan Yatsenyuk avvalambor Ukraina iqtisodiyotini tuzatishga va’da bermoqda.

Siyosatdonlar nazarida Ukrainani azaldan o’z soyasi ostida ko’ruvchi Rossiya bu jarayonlarni yaqindan kuzatmoqda, qolaversa vaziyat chigallashishiga hissa qo’shmoqda. Gazprom gaz narxini 2005 yildan beri ko’tarib kelayotgani Ukrainada byudjet kamomadi keskin oshishiga sabab bo’lgan.

Prezident Yushenkoning sobiq maslahatchisi Oleg Ribachuk Rossiyani Ukrainadagi turli guruhlarni bir-biriga qarshi qayrayotganlikda, tabiiy resurslaridan ochiqchasiga siyosiy qurol sifatida foydalanayotganlikda ayblaydi. Uning da’vo qilishicha, Kreml Ukrainaning og’riqli nuqtalarini nishonga olib, o’z pozitsiyasini mustahkamlamoqda.

Ribachuk fikricha ko’ra, Kreml yaqinlashayotgan saylov natijasiga ham ta’sirini o’tkazishga urinishi hozirdan ayon. Ammo “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan aksariyat tahlilchilar deydiki, ayni paytda iqtisodiy inqirozdan chiqib olish masalasi birinchi o’rinda. Ukraina hukumatidagilar tavofutlarni chetga surib, bir yoqadan bosh chiqarishi lozim.

XS
SM
MD
LG