Guantanamodagi asirlar qayerga borishi kerak?


AQSh Kongressi bu hafta ta’tilda, ammo Vashingtonda Guantanamodagi qamoqxona masalasi qizg’in muhokamada.

Munozaralar asosan axborot vositalarida kechmoqda va Obama ma’muriyatining Guantanamoda o’tirgan 240 mahbus taqdirini qanday hal qilishi lozimligi haqida fikrlar bir dunyo.

AQSh bosh harbiysi, admiral Maykl Myullen, ABC telekanaliga bergan intervyusida, “Guantanamo yopiladi. Barak Obamaning bu boradagi qarori qat’iy” deydi.

“Bu qamoqxonadagi asirlar orasida yovuz insonlar borligi ma’lum va ularni qayerga ko’chirish va saqlash, tabiiyki, juda muhim masala”,- deya tan oladi admiral.

O’tgan hafta Senat Guantanamoni yopish ucuhn so’ralgan 80 million dollarni hozircha bermaslikka qaror qilib, prezident Obamaga mukammal reja bilan chiqishni uqtirdi.

Terrorda gumon qilingan mahbuslarni qanday qilib javobgarlikka tortish hukumatni o’ylantirib qo’ygan. Obama ayrim asirlarni AQSh turmalariga ko’chirishni taklif qilmoqda. Respublikachilar esa “hech qachon” deb javob bermoqda.

“Guantanamodagi qamoqxona bu terroristlarni saqlash uchun yaratilgan va ular o’sha yerda o’tiraverishi kerak”,- deydi respublikachi senator Jon Kayl.

“Guantanamo AQShdek demokratik davlat sh’aniga dog’. Uni yopib, u yerda aybi isbotlangan asirlarni Amerikada sudga tortib, bu yerdagi qamoqxonalarga tashlash kerak”,- deydi demokrat senator Dik Durbin.

“Amerika axir terrorchilarni avval ham sudlagan. Ulardan 347 nafari hozir bizning turmalarimizda o’tiribdi”,- deydi u.

Jamoatchilik orasida agar Guantanamodagi asirlar AQSh qamoqxonalariga ko’chirilsa, ular turmalardan qochishga va shu zaminda xurujlar olib borishga harakat qilishi mumkin degan xavotir va taxminlar bor.

Obama ma’muriyati bu kabi qarashlarga barham berishga urinmoqda. Ammo turli davlatlar fuqarosi bo’lgan, ko’p hollarda aybi isbotlanmagan asirlarni nima qilish borasida Oq Uy va Kongress hali bir yechimga kelmagan.

Obama qamoqxonani bir yil ichida yopishga ahd qilgan. Bu muhlatni prezidentning o'zi belgilagan, deydi respublikachilar.

"O'zini o'zi sinovdan o'tkazayotgan Obama kelasi olti oy ichida Guantanamodan qutula olmasligi mumkin",- deya shubha qilmoqda uning tanqidchilari.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG