Shimoliy Koreya qo'shimcha sanksiyaga yuz tutishi mumkin


Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik Kengashi Shimoliy Koreya tomonidan yadro sinovini qoralab, yangi rezolyutsiya ustida ish boshlashini bildirgan. Rasmiy Pxenyan mazkur sinov bilan bugungacha qabul qilingan barcha rezolyutsiyalarga xilof ish tutgan, deydi 15 a'zolik kengash.

AQShning BMTdagi elchisi Syuzan Raysning aytishicha, yangi rezolyutsiya qattiq bo'ladi, ammo unda qo'shimcha sanksiyalar aks etadimi, yo'qmi, hozircha noma'lum.

"Qo'shma Shtatlar nazarida yadro sinovi bilan Shimoliy Koreya xalqaro qonunni buzgan, mintaqaviy va global xavfsizlikka tahdid yaratmoqda. Biz keskin rezolyutsiya tarafdori," deydi elchi Rays.

Fransiyaning BMTdagi elchisi o'rinbosari Jan-Pyer Lakrua qo'shimcha sanksiyalar joriy etish kerak deydi.

Yaponiya ham shunday fikrda. Unga ko'ra, Shimoliy Koreyaning Xavfsizlik Kengashi ko'rsatmalarini pisand qilmasligi tashkilot obro'siga putur yetkazmoqda.

Odatda Shimoliy Koreyaga do'stona munosabatda bo'lgan Rossiya ham yadro sinovini tanqid qilmoqda.

Xavfsizlik Kengashiga shu oy raislik qilayotgan Rossiya elchisi Vitaliy Churkinning aytishicha, rasmiy Pxenyan Rossiya tashabbusi bilan qabul qilingan yadro qurollarini tarqatmaslik va yadro sinovlarini man qilish haqidagi bitimlarni buzdi.

Shimoliy Koreyaga ittifoqdosh yana bir mamlakat - Xitoy ham sinovga qarshiligini bildirgan.

Shimoliy Koreya 2006 yili ham yadro sinovini o'tkazganda Xavfsizlik Kengashi sanksiyasiga uchragan edi.

Bugun rasmiy Pxenyan ikkita qisqa masofali raketa uchirgan. Kecha ham yadro sinovidan tashqari yana uchta raketa sinalgan edi.

XS
SM
MD
LG