Eronda prezidentlikka to'rt kishi nomzod


Eronda saylovoldi kampaniya avjida. Prezidentlikka da'vogar to'rt nomzod 12 iyundan oldin mamlakat bo'ylab saylovchilar bilan uchrashmoqda. Ulardan biri, amaldagi prezident Mahmud Ahmadinejod ikkinchi muddatga saylanishga umid qilmoqda.

Da'vogarlardan yana biri, sobiq bosh vazir, islohotchi siyosatchi deb e'tirof etilayotgan Mir Husayn Musaviy Tabriz universitetida talabalar bilan uchrashgan. Musaviy Ahmadinejodga munosib raqib sifatida ko'rilmoqda.

Uni sobiq prezident Muhammad Hotamiy ham qo'llab-quvvatlamoqda. Ammo Ahmadinejod tomonda Eron oliy diniy rahnamosi Oyatullo Ali Xominiy turibdi. Bu hol ikki nomzod o'rtasida kurash qizg'in kechishidan dalolatdir.

Musaviy o'tgan asrning 80-yillarida Iroq-Eron urushi davrida hukumatni boshqargan, oqil iqtisodiy siyosati bilan tanilgan. Musaviyning Tabrizda talabalarga aytishicha, u so'z erkinligi tarafdori.

"1979 yilgi islomiy inqilob, deydi u, so'z erkinligiga kafolat bergan edi. Muxolifatni inkor etib bo'lmaydi, aks holda zamonaviy dunyodan qolib ketamiz," deydi Musaviy.

Seshanba kuni parlamentdagi yirik siyosiy bloklardan biri amaldagi prezident Mahmud Ahmadinejodni qo'llab-quvvatlashini bildirgan.

Ahmadinejod televideniye orqali uzatilgan saylov reklamasida iqtisodiyot moliyaviy krizisga qaramasdan barqaror degan.

"Hukumat tashqi siyosati tufayli mamlakat dushmanlari unga bosim qo'ya olmayapti," deydi Ahmadinejod.

Prezidentga Eron oliy sudi raisi oyatullo Mahmud Hoshimiy Shohrudiy ham o'z ovozini berishini bildirgan.

Prezidentlikka yana bir nomzod - konservativ siyosatchi Muhsin Rizoiy. 16 yil davomida Islomiy inqilobiy gvardiyani boshqargan. Uning aytishicha, prezident etib saylansa, qonunni hurmat qiluvchi siyosatchilardan koalitsion hukumat tuzadi.

Rizoiyning aytishicha, u Isroilni bir zarba bilan yo'qotishi mumkin. Kuzatuvchilar nazarida u Isroilning Dimona yadro inshootiga ehtimoliy hujumga ishora qilyapti.

To'rtinchi nomzod - bu Mahdi Karrubi. O'tmishda parlament spikeri bo'lgan. Uning shikoyat qilishicha, Eron konstitutsiyasiga o'zgartirish kiritishga chaqirgan saylov reklamasi senzuraga uchragan.

Ahmadinejoddan tashqari qolgan barcha nomzodlar AQSh bilan aloqalarning yaxshilanishini istaydi.

"Xolokostni tan olmay nega biz Gitler tarafida bo'lishimiz kerak ekan" deydi Mahdi Karrubi Ahmadinejodning Ikkinchi jahon urushida millionlab yahudiylarning qatliom etilganini inkor etishiga ishora qilib.

Mir Hussayn Musaviyni yoshlar va ziyolilar qo'llab-quvvatlaydi. U saylov kampaniyasi davomida, xuddi Barak Obama kampaniyasidek, Internetdan, tarmoqdagi Facebook, Youtube, Twitter kabi ijtimoiy muloqot saytlaridan keng foydalanmoqda.

Musaviy ozariy millatiga mansub. Yoshi 68 da. Konstitutsiyaga o'zgartirish kiritilib, bosh vazir lavozimi bekor qilinmasidan oldin mamlakatning so'nggi bosh vaziri bo'lgan. Eron Ozarbayjonidagi 15 millionga yaqin saylovchilar ovozini olishga umid qilmoqda. Buning uchun u etnik ozchilikdagi guruhlarga o'z tilida ta'lim olishiga imkoniyat berishga va'da bermoqda.

Uning rafiqasi Zahra Rahnavard turmush o'rtog'iga ayollar ovozlarini olishga yordam berish maqsadida saylov kampaniyasiga faol kirishgan.

XS
SM
MD
LG