Andijonlik ona shahridagi vaziyatni sharhlaydi


O'zbekiston rasmiylari bergan ma'lumotlarga ko'ra, Andijonda huquq-tartibot idoralari vaziyatni to'liq nazorat ostiga olgan va viloyat tinch.

"Amerika Ovozi" hozirgi ahvol haqida andijonliklar fikrini o'rgandi. Ism-sharifini bildirishni istamagan fuqarolardan biri deydiki:

"Hozirgi paytda shahar tinch, lekin hammayoq to'silgan. Shahardan tashqariga chiqa olmaysiz. Hech kim Andijondan chiqa olmayapti. Reyslar bekor qilingan".

"Bugun men o'zim shu shaharda kecha portlash yuz bergan joyni borishga harakat qildim",- deydi bu fuqaro.

"Odamlar uzilib ketgan kallalarni, tana qismlarini ko'rdik deyishayapti. O'sha yerda bir og'aynim bor. U o'z do'koni yonidan, shundoq hovlisidan bir parcha go'sht topganini aytdi".

Jamoatchilik kechagi xurujlar haqida ma'lumotga ega emas, ammo vaziyat nozik ekanini ko'chalarda ichki ishlar xodimlari ko'payganidan bilish mumkin.

Odamlar orasidagi umumiy fikr shuki, iqtisodiy sharoitning og'irligi hukumatga nisbatan g'azabni oshirmoqda.

Kechagi xurujlar ortida turganlar qandaydir ektremist kuchlar yoki jangarilar emas, deydi andijonliklardan biri, oddiy aholi vakillari bo'lgan bo'lsa ajabmas. .

"Ishsizlik, bilasizmi, bu yerda 75-90 foiz orasida desak xato bo'lmaydi. Shuning uchun ko'pchilik nazarida hujum qilganlar oddiy odamlar, jonidan to'yganlar. Hayotdan norozi shaxslar".

O'zbekiston hukumati nazarida xurujni amalga oshirganlar mamlakatga Qirg'izistondan kirgan.

Qo'shni davlat rasmiylari esa bu da'vo quruq safsata deya javob bermoqda.

Hujumchilar militsiya formasida bo'lgan degan taxminlar ham bor.

Aholi, deydi andijonlik fuqarolardan biri, militsionerlardan qochib yuribdi. Chunki odamlar orasida yo ular o'zini portlatadi yo ularni portlatishadi degan xavotir kuchaygan.


XS
SM
MD
LG