Isroil g'arbiy sohilda uylar qurishni to'xtatmoqchi emas


“Noqonuniy tekshiruv punktlarini olib tashlaymiz, yangi uylar ham qurilmaydi, lekin borini kengayitirishga haqlimiz”, - deydi Isroil hukumati so’zlovchisi Mark Regev. Ushbu bayonot prezident Obama Oq uyda Falastin rahbari Mahmud Abbosni qabul qilishi arafasida yangragan.

Falastin tinchlik muzokaralari davom etishi uchun qo’yayotgan shartlardan biri – g’arbiy sohilda yahudiylar uchun uylar qurishni bas qilish bo’lsa, ikkinchisi Falastinni davlat sifatida tan olishdir. Bu shartlar bajarilmas ekan, muzokaraga hojat yo’q, deydi Mahmud Abbos.

Ammo yaqinda Vashingtonda bo’lgan Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu, AQSh qistoviga qaramasdan, Falastinning mustaqil davlatga aylanish go’yasini yoqlaganicha yo’q.

Mintaqa xalqlarini qiynayotgan bu masalani ortiq kechiktirib bo’lmaydi deb bong urayotgan AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton “yaqin orada ham Isroil, ham Falastin rahbariyatiga aniq takliflar bilan chiqamiz”, demoqda.

“Tinchlik muzokaralariga qulay sharoit yaratish maqsadida”, deya qo’shadi Klinton, “Obama ma’muriyati xususan arab davlatlari va Isroil o’rtasida ishonchni oshirishga ahamiyat qaratadi”.

Klinton bilan matbuot anjumanida so’zlagan Misr Tashqi ishlar vaziri Ahmad Abul G’ayt Eron yadro dasturi katta muammo ekanini tan olsada, asosiy masala – Isroil-Falastin mojarosi deydi. “Bu boradagi sustkashlik Yaqin Sharq mintaqasi tinchini buzmoqda”, -deydi Misr vaziri.

Vashington Misrni mojaroni hal etishda vositachi va hamkor rolida ko’rmoqda.

XS
SM
MD
LG