Shimoliy Koreya yana raketa uchirgan


Hafta boshida atom qurolini sinovdan o’tkazgan Shimoliy Koreya bugun qisqa masofali yana bir raketa uchirgan.

BMT yangi sanksiya qo’ysa, Pxenyan javob chora ko’rishini aytmoqda. BMT Xavfsizlik Kengashi bu davlatni qanday jazolash ustida o’ylanmoqda.

Shimoliy Koreya dushanbadan beri olti marotaba raketa sinab, Janubiy Koreyaga hujum qilishini aytmoqda.

Bundan tashqari, Pxenyan 1953 yilda Koreya urushiga yakun yasagan bitimdan chiqqan. Qo’shma Shtatlar bu davlatni ogohlantirmoqda.

Davlat kotibasi Xillari Klinton “bu harakat javobsiz qolmaydi,” deydi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti jazo choralarini muhokama qilmoqda.

Tahlilchi Tom Sheber fikricha, Vashington bu – quruq po’pisa emasligini isbotlashi kerak. Xalqaro hamjamiyat, jumladan, Eron va Shimoliy Koreya “Vashington nima qilar ekan, deb ko’z tikmoqda”.
AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts vaziyat nazorat ostida, Janubiy Koreyaga qo’shin jo’natishga hojat yo’q, demoqda.

Shimoliy Koreya bir million kishilik armiya, kimyoviy va biologik qurolga ega. Mutaxassislar taxminicha, urush boshlansa, yuz minglab odamlar qurbon bo’lishi mumkin.

Tahlilchi Tom Sheber nazarida harbiy chora ko’rish shart emas, ammo raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi haqida o’ylab qo’ygan ma’qul.

“Yaqinda Obama ma’muriyati mudafaa byudjetini kamaytirishini ma’lum qilgan edi, bu qarorni qayta ko’rib chiqish kerak”, - deydi tahlilichi.

Ba’zilar esa yadro poygasi haqida ogohlantirmoqda. Yaponiya va Janubiy Koreya mudofaa yo’lida yadro quroli yaratishga kirishishi mumkin.

Qo’shma Shtatlar muammoni diplomatik yo’l bilan hal qilish tarafdori. Bu orada Xavfsizlik Kengashi qurol embargosi va moliyaviy cheklov kabi usullarni muhokama qilmoqda.

Shu paytgacha Rossiya va Xitoy Pxenyanga qarshi sanksiya qo’llamaslik kerak, deb kelgan.

So’nggi voqealar esa bu munosabatni o’zgartirishi mumkin, deydi mutaxassislar.

XS
SM
MD
LG