Video o'yin uchun musiqa bastalash - ommabop kasb


AQShdagi Berkli Musiqa kolleji ajoyib kasb egalarini tayyorlaydi. Video o’yinlar uchun musiqa fakultetining ilk birituvchilari bu yil mustaqil hayotga qadam qo’ymoqda.

Ko’pincha video o’yinlar bolani chalg’itadi, deyishadi. Biroq Berkli Musiqa kollejida studentlardan bu sohani puxta egallash talab qilinadi.

Dastur hali yangi va unga sayqal berish bilan bandmiz, deydi kollej professori Maykl Svit. Esingizda bo’lsa, deydi mutaxassislar, eski video o’yinlarda tovush va musiqa jo’n bo’lar edi. Mashhur “Tetris” o’yini musiqasi bunga misol.

Hozir esa bu mahsulot bozori chaqqon va eng zo’r kompozitorlarni yollash uchun mablag’ yetarli. Studentlar musiqa yordamida odam hissiyotini boshqarish yo’llarini izlaydi. Video o’yinlarda, masalan, har bir muxlis-o’yinchiga mos kuy yaratish kerak, chunki odamlarning fe’li-xarakteri har xil, uni video o’yindagi voqealarga qiziqtirish kerak, toki u o’sha muhitga kirib keta olsin.

Massachusets shtatida joylashgan Berkli kolleji musiqa va texnologiya uzviy bog’liq ekanini anglab yetgan ta’lim dargohlaridan.

1990-yillarda almashinuv dasturi orqali O’zbekiston Davlat Konservatoriyasida o’qib, izlangan professor Kreyg Makrey hozir Berkli kollejida jazzdan dars bermoqda.

Uning aytishicha, boshqa dargohlardan farqli ravishda kollej klassik emas, balki zamonaviy kuy-asarlarga urg’u beradi. Studentlarimiz, masalan, filmlar uchun musiqa yozadi, televideniye va radiodagi mashhur shoularda siz tinglayotgan ohanglar ham Berkli studentlari, bitiruvchilarining ishi.

So’nggi yillarda video o’yinlar ommalashib, hatto film va musiqiy to’plamlardan o’zib ketdi. Video uchun yaratilgan kuy tezroq shuhrat qozonmoqda. Katta farqlardan biri shuki, video musiqa klassik kuyga qaraganda ancha qisqa bo’ladi – ko’pi bilan 3 minut.

Bu, deydi Kreyg Makrey, film uchun kuy bastalashdek gap. Klassik muzika odamni ohanglar olamiga yetaklasa, video o’yin uchun yozilgan kompozitsiya yordamchi vazifani o’taydi, o’yindagi voqealarga fon berib turadi.

Yangi yo’nalish shuhrat qozongani sari sohani egallashga ishtiyoqmand yoshlar ham ko’paymoqda.

Berkli musiqa kollejiga 1945 yilda muhandis va sozanda Lorens Berk asos olgan. Ta’lim maskani endi ochilganida unda faqat uch talaba o’qir edi xolos.

Bugun bu yerda dunyoning 70 davlatidan 2700 dan ziyod student musiqa san’atini o’rganmoqda. To’rt yillik maskanda jami 12 yo’nalish bo’yicha (kompozitorlik, zamonaviy musiqa va prodyuserlik, film uchun musiqa, jazz, musiqa biznesi, musiqiy ta’lim, musiqiy muhandislik, sintez, terapiya, professional musiqa, sahna uchun kuy yozish) dars beriladi.

O’zbekistonda musiqashunos olimlar Fattohhon Mamadaliyev va Fayzulla Karamatovlar bilan ishlab, o’zbek milliy musiqasini o’rgangan professor Makreyning aytishicha, Berkli musiqa kolleji xalqaro aloqalarni kuchaytirmoqda.

Xususan, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo bilan hamkorlikda loyihalar boshlash niyatimiz bor, deydi u.

XS
SM
MD
LG