Pokiston armiyasi Svot markazi - Mingora shahrini qo'lga kiritgan


Hududni Tolibondan tozalab nazorat o’rnatish uchun bir haftadan beri jang ketayotgan edi.

Muxbirimiz Ketrin Medoksning Islomoboddan xabar berishicha, Lohur va Peshovarda so’nggi 3 kun ichida ro’y bergan qonli portlashlar tufayli yirik shaharlar kuchli nazorat ostida. Tolibon harakati 45 ga yaqin odam halok bo’lgan bu hujumlarni uyushtirib, hukumatdan o’ch olganini aytmoqda.

Poytaxt Islomobodga kirish-chiqish yo’llarida qattiq tekshiruv ketyapti. Davlat idoralari, diplomatik vakolatxonalar joylashgan hududlar o’rab olingan.

Politsiyaning bildirishicha, bugungi reydlarda 70 kishi qo’lga olingan, aksariyati afg’on muhojirlar. Harbiy operatsiya Chorbog’ shahriga ko’char ekan, aholidan hududni tark etish so’ralgan.

Bir oycha ilgari Pokiston qurolli kuchlari, Tolibon bilan imzolangan tinchlik bitimlari ish bermagach, mamlakatning shimoli-sharqiy qismlarini egallagan jangarilarga qarshi yirik harbiy amaliyot boshlagan edi.

Bunga javoban Tolibon qo’mondoni Hakimulla Masud Lohur va Peshovardagi kabi hujumlarni oshiramiz deb ogohlantirmoqda.

XS
SM
MD
LG