Breaking News

O'zbekistonliklar fikricha Obama to'g'ri qadam tashlamoqda


AQSh prezidenti Barak Obamaning bu hafta Misr poytaxti Qohiradan turib islom dunyosiga murojaat qilishi kutilar ekan, musulmon jamiyatlarida Amerika bilan aloqalar qizg’in muhokamada.

O’zbekistonda, masalan, Obama musulmonlar bilan yangidan muloqot boshlashga urinayotgani haqida fikrlar turli-tuman va harakatlarning samara berishiga ishonch past.

Lekin Barak Obama omma orasida so’zi va niyatida qat’iy, kuchli arbob sifatida talqin qilinmoqda.

“Amerika rahbarining arab davlatlariga borayotgani, Obamaning Eron bilan muloqot qilishga hozirligi, bular hammasi ijobiy narsalar, chunki diniy qarama- qarshilik bo`lmasligi kerak. Lekin bularning keyingi rivoji qanaqa bo`ladi, hamma gap shu yerda. Bu intilishlarni Markaziy Osiyo musulmonlari ham qo'llashi mumkin”, - deydi namozxonlardan biri.

Sharqshunos olim Abdusattor Jumanazar fikricha Obama Misr - arab dunyosining markazida katta nutq so’zlashi siyosiy va madaniy jihatdan ma'qul va strategik harakat.

Obama Turkiyaga qilgan rasmiy safari chog’ida ham islom dunyosi bilan yangidan muloqot boshlash niyatida ekanini ochiq aytgan edi.

AQSh va musulmon dunyosi o`rtasidagi ziddiyatlar kuchayishining tarixiy nuqtalaridan biri asosan Yaqin Sharqdagi vaziyatga borib taqaladi.

Obama yaqinda Falastin va Isroil rahbarlari bilan uchrashib, ularga ziddiyatdan chiqish yo`li bu Falastin davlati barpo etish deya aytgan.

“Obama Falastin davlatini tan olmaslik Isroil uchun katta xato bo’ladi degan gaplari butun musulmon olami uchun yoqimli gap. Lekin bu gaplar Amerika tashqi siyosatiga qanchalik ta`sir qiladi, bu boshqa gap”, - deydi yana bir namozxon.

Huquq himoyachilari nazarida Barak Obama xalqaro terrorizmga qarshi kurash inson huquqlarini toptash evaziga amalga oshirilmasligi zarur deya qat`iyat bilan chiqayotgani ijobiy o’zgarish.

Mahalliy faollardan biri Abdulla Tojiboy o’g’li fikricha Obama bu borada bergan va’dalarining ustidan chiqishga harakat qilmoqda.

“Matbuotdagi intervyulariga, qilyotgan ishlariga qarasangiz o’z va’dasida turganini sezasiz. Islom davlatlariga terrorizm manbai sifatida qarashni to’xtatish kerak. Umuman Obamaning hokimiyatga kelishi XXI asrda ko’p muammolarni tinch yo’l bilan hal etilishiga zamin yaratadi”, - deydi Abdulla Tojiboy o’g’li.

Arab davlatlarida o’tkazilgan ommaviy so’rovlar shundan darak bermoqdaki, Barak Obamaning AQSh prezidentligiga saylanishi musulmonlar orasida juda iliq kutib olingan va bu davlatga nisbatan salbiy munosabatni bir qadar yumshatgan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG