O'zbekiston arab davlatlari sarmoyasi va yordamidan umidvor


Jahon diqqati bugun Barak Obamaning arab dunyosiga qilayotgan safarida. Dunyoning bu qismi, shubhasiz, eng strategik hududlardan biri. Siyosiy, iqtisodiy va madaniy jihatdan kuchli ahamiyatga ega jamiyatlar.

O’zbekiston so’nggi yillar ichida arab davlatlari bilan aloqalarini ancha mustahkamlagan. Islom Karimov nazarida Fors ko’rfazidagi boy mamlakatlar respublikaga yirik sarmoyalar olib keladi. Karimovning 2007 yilgi Misr safaridan so’ng munosabatlar yanada iliqlashgan.

Tashrifdan bir oz o’tib Xalqaro Islom Konferensiyasi Toshkentni islom madaniyati poytaxti deb e’lon qildi. Shaharda bu borada yirik anjuman o`tdi.

Ishtirokchilar bilan uchrashgan Islom Karimov arab davlatlari bilan hamkorlik, ayniqsa, iqtisodiy sarmoya bo'yicha aloqalarni kuchaytirish kerakligi haqida gapirdi.

“Bugun musulmon dunyosi jamg’armalarini hisobga oladigan bo’lsak, barcha imkoniyatlarimiz bor. Musulmon dunyosining jamg’armalari, valyutalarini bir qismini qashshoqlikka qarshi ishlatsak, olam guliston. Bugun islom dunyosidagi muammolarga javob topish zamona oldida turgan eng muhum masala”, - degan edi prezident.

Mahalliy faollar esa arab dunyosi O’zbekiston bilan munosabatlarda dindorlar bilan bog’liq vaziyatga e’tibor berishi kerak deb hisoblaydi.

“O’zbekistonda salkam 90 foiz aholi musulmon, ularning qanchasi turli oqimlarga a’zolikda ayblanib, qamalib ketdi. Orasida ayollar ham bor. Nahotki, islom dunyosi ulamolari bu narsadan xabarsiz? O’ylashimcha, ular xabardor va bu aloqalarga ta’sir qiladi”, - deydi huquq himoyachisi Sur’at Ikromov.

2008 yilda O’zbekiston prezidenti Birlashgan Arab Amirligiga safar qildi. Amirlik rasmiylari ham O`zbekistonda bo`ldi. Bu yil Ummon sultonligi bilan iqtisodiy hamkorlik shartnomalari imzolandi.

Respublika Birlashgan Arab Amirligi bilan bir millard dollardan oshiq sarmoya jamg'armasi tuzishni ko’zlamoqda.

Sharqshunos olim Telman Sattorovning aytishicha, arab davlatlari bilan aloqalarni rivojlantirish har tomonlama foyda.

“Investitsiya arablarda juda ko’p, boy davlatlar. Hatto hozir Amerika ham ularga "kelinglar, aksiyalarimizni sotib olib, zavodlarni shu yerda quringlar" deyapti. Davlatimiz rahbari ham shuni aytayapti, kerak bo`lsa, 100 foiz aksiyalarni sotib olinglar, deyapti. Chunki hozir investitsiya juda muhim”, - deydi olim.

O’zbekistonda yaqinda Misr madaniyati kunlari, Misrda o’zbek madaniyati kunlari o’tdi. Islom Karimovning bu davlatga tashrifi chog'ida Ahmad al-Farg'oniy yodgorligi ochildi.

Tahlilchilar nazarida ikki o'rtadagi aloqalar siyosiy jihatdan, xalqaro maydondagi pozitsiyalarning mushtarakligi bilan ham ajralib turadi. Misr va O'zbekiston siyosiy tizimlarida o’xshashlik bor. Har ikki mamlakatda diniy cheklovlar amal qiladi. Avtoritar boshqaruv hukmron. .

Bu orada o’tgan oy Misrda xorijlik bir necha talaba hibsga olingan. Ular orasida o’zbekistonlik ham bor. U hamon qamoqda. Studentlar nimada ayblanayotgani ma’lum qilinmagan.

XS
SM
MD
LG