Tyananmen qatliomiga 20 yil to'ldi


Bugun Xitoyda Tyananmen maydonida ro’y bergan qatliomga 20 yil to’lgan. 1989 yil, 4 iyunda bir necha ming talaba va faollar demokratik islohotlar talab qilib, hukumatga qarshi namoyish qilgan.

Bu chiqishlar tanklar va harbiylar tomonidan bostirilgan. Yuzlab odamlar o’lgani, qamalgani va bedarak ketgani aytiladi.

Yaqinda Pekinga borgan AQSh delegatsiyasi, Xitoy inson huquqlarini hurmat qilsin, o’z iqtisodiyotiga e’tibor bergandek qadrlasin, deya bayonot berdi.

AQSh Davlat kotibi muovini Pi-Jey Krauli, Xitoy hukumatiga murojaat qilarkan, mamlakatdagi inson huquqlari masalasi Vashington diqqat markazida ekanini va rasmiy Pekin bunga jiddiyroq qarashi lozimligini ta’kidladi.

“Xitoy iqtisodiy jihatdan yuksalib bormoqda. Bu esa mamlakatga mas’uliyat va bir qator talablar qo’yadi. Rasmiylar mamlakat tarixida ro’y bergan qora kunlarni jamoatchilikka oshkor etishi va o’z xalqi oldida hisobot berishi zarur. Tyananmen fojiasiga 20 yil to’larkan hukumat o’sha mudhish kun qamoqqa tashlangan begunoh insonlarni ozod etsin”, - deydi diplomat.

Bugun Xitoy politsiyasi Pekinda nazoratni kuchaytirgan. Jurnalistlar maydonga kiritilmagan. Namoyish qilmoqchi bo’lgan ayrim faollar qo’lga olingan.

Uyg’urlar yetakchisi Robiya Qodir fikricha Xitoy zulmga asoslangan mamlakat.

“Xitoyda uyg’urlar erkinlik va demokratiya uchun kurashib keladi. Xitoyning iqtisodiy qudrati, u yerda yashayotgan elatlar huquqini poy-mol etish uchun qo’llanilmasligi kerak”,- deydi Robiya Qodir.

XS
SM
MD
LG