Breaking News

Obamaning murojaati O'zbekistonda yoritilmadi


Jahon ahli Barak Obamaning Amerika va musulmon dunyosi aloqalarini tiklash taklifini muhokama qilmoqda.

O’zbekiston matbuoti g’arb va sharq diqqatida turgan bu tashabbusni chetlab o'tgan.

60 millionga yaqin musulmon yashovchi Markaziy Osiyoda jamoatchilik Obamaning bu chiqishdan, uning mazmuni va maqsadidan umuman bexabar. Nutq ayrim telekanallarda eslatib o’tilgan xolos.

Biroq Amerika siyosatini yaqindan kuzatayotgan sharhlovchilar nazarida Obama ulkan o'zgarishlar qilishga urinmoqda.

Tahlilchi Abdusalom Ergashevning aytishicha, Obamaning nutqi samimiy, bu va`dalar bajarilgan taqdirda katta jasoratdan darak beradi.

“Katta bir davlat rahbari shunday tashabbus bilan chiqishini olqishlash kerak. Agar haqiqatda islomga nisbatan salbiy munosabatni, stereotiplarni yo`qota olsa, bu juda katta yutuq bo`lar edi”, - deydi u.

Huquq himoyachisi Abdulla Tojiboy o’g’li fikricha Barak Obama ahdida jiddiy, nafaqat Amerika, balki musulmon davlatlari oldiga og'ir vazifalar qo’ymoqda.

“Isroil va Falastin davlatlari bo’lishi haqidagi gaplari olqish bilan kutib olishdi. Albatta bu juda mushkul vazifa. Obama bularni o`z zimmasiga olayapti. Bu yog'ini vaqt ko`rsatadi”, - deydi Abdulla Tojiboy o’g’li.

Qohira Unversitetidagi nutqida Obama islom haqidagi salbiy qarashlarni bartaraf etishga chaqirib, Yaqin Sharqda Falastin davlatini bunyod etishi yo'lida harakat qilishini aytdi.

Shuningdek, AQSh prezidenti Eron, agar tinch maqsadlarni ko'zlasa, o'z yadro dasturiga ega bo'lishi mumkin deya ta`kidladi.

“Butun dunyoda hayajon bilan kutib olingan bu chiqish haqida yurtdoshlarimizda ham munosabat bo'lishini, bu haqda jo'yali fikrlar bildirilishini istar edim”, - deydi sharhlovchi Mamarasul Murodov.

Huquq himoyachisi Abdurahmon Tashanov so’zlariga ko’ra, Obamaning har bir tashabbusi hamisha qiziqish bilan qarshi olinadi.

“Ochiq davralarda bo`lmasa-da, odamlar o`zaro bu haqda gaplashayapti -- kimlardir shubha-gumonlar bilan qaraydi, kimlardir Obamaning bu chiqishlarini olqishlamoqda. Lekin hammaga ta`sir qilyapti. Ayrim musulmonlar fahsh, odam savdosi, axloqsizlik kabi illatlar keng tarqalganidan xavotirda. Obama dunyoni davolamoqchi. AQSh hukumatida bu avval ham bor edi, lekin hech bir rahbari demokratiya haqida bunchalik baralla gapirmagan edi”, - deydi Tashanov.

Biroq Amerikaning niyati samimiy ekanini shubha ostiga olayotganlar ham ko'p.

“Men bir musulmon sifatida bunday iliq munosabatdan quvonaman, lekin bu iltifotlarning tagida nimadir borligiga ishonchim komil. Chunki so`nggi yillarda AQSh va musulmon dunyosi o`rtasidagi munosabat keskinlashib borayotgan edi. Lekin Amerika dunyo xomashyosi, iqtisodiy barometri musulmon davlatlarida ekanligini tushinib yetgandek. Hozir urfga chiqqan xalqaro terrorizm aslida zulmga qarshi reaksiya edi”, - deydi sharhlovchi Mamarasul Murodov.

XS
SM
MD
LG