Xolbruk: Pokistonda aholi Tolibondan yuz o'girmoqda


Pokistonda asirlarni olib ketayotgan kolonnaga hujum qilinib, Tolibonning yuqori lavozimli ikki a’zosi o’ldirilgan.

Svot vodiysida qo’lga olingan Muhammad Alam va Amir Izzat - Pokiston hukumati va Tolibon o’rtasida vositachilik qilgan ulamoning yordamchilari edi.

Bu orada Svot vodiysi yaqinidagi Dir tumanida, juma namozi paytida ro’y bergan portlashda o’lganlar soni qariyb qirqqa yetdi.

Zo’ravonliklar AQShning Afg’oniston va Pokiston bo’yicha vakili Richard Xolbruk Islomobodga safarini yakunlayotgan bir paytda ro’y berdi. Mardon qochqinlar lagerini ko’zdan kechirgan Xolbrukning xulosa qilishicha, mahalliy aholi orasida ekstremist kuchlarga qarshi kayfiyat shakllanmoqda.

“Atigi bir necha hafta oldin Pokistonda bo’lganimda vaziyat boshqacha edi. Qochqinlar hamda fuqaro jamiyati a’zolari guvohlik berishicha, omma orasida jangari guruhlarga nisbatan xayrixohlik yo’qolib bormoqda”, - deydi Richard Xolbruk.

AQSh rasmiysi Pokiston armiyasi Svot vodiysida qo’lga kiritgan strategik yutuqlarni olqishlagan. Endi ularni qo’ldan boy bermaslik kerak.

“Uy-joyini tashlab ketgan millionlab qochqinlarga ko’maklashish, ularni normal hayotga qaytarish asosiy vazifa. Qochqinlar lageri doimiy turar joyga aylanganiga ko’p guvoh bo’lganmiz”, - deydi elchi. “Xalqaro hamjamiyat bunga yo’l qo’ymasligi lozim”.

Vashington Pokistonga 300 million dollarga teng gumanitar yordam yetkazishni mo’ljallamoqda. “Lekin AQSh harbiy kuch safarbar etmaydi, Pokiston xavfsizligi o’z armiyasi zimmasida”, - deydi Xolbruk.

Obama ma’muriyati Afg’onistonga 17 ming qo’shimcha askar jo’natar ekan, bu jangarilarni Pokistonda panoh topishga majburlaydi va chegarada ahvol yanada yomonlashadi degan xavotir mavjud.

XS
SM
MD
LG