Breaking News

AQSh: Isroil g'arbiy sohilda uylar qurishni bas qilsin


AQSh rahbari Barak Obama fikricha, Isroil Iordan daryosining g’arbiy sohilida yahudiylar uchun uy-joy qurishni bas qilishi kerak. Isroil hukumati bunga ko’nmayapti.

Qohirada qilgan nutqida, Obama “yahudiy posyolkalari kengayib borayotgani tinchlikka yo’l bermayapti” deya ta’kidladi. Bu so’zlar arab dunyosida iliq kutib olingan.

Ayrim kuzatuvchilar nazarida Obamaning Isroil hukumatiga ochiqchasiga bunday talab qo’yishi o’rtadagi aloqalarga darz solmoqda.

“AQSh g’arbiy sohilda yahudiylar uchun uylar qurish davom etayotganini noqonuniy deb hisoblaydi. Tinchlik kelishuvlariga zid bu jarayonga nuqta qo’yish vaqti yetgan”, - deydi Obama.

Masala o’tgan oy Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan muhokama qilingan, biroq Isroil qaroridan qaytgani yo’q. Falastinliklar o’z davlatini barpo etishni istayotgan hudud - Iordan daryosining g’arbiy sohilida Isroil 120 ga yaqin aholi punktiga ega. U yerda qariyb 300 ming yahudiy yashaydi. Ko’plab mamlakatlar nazarida Isroil xalqaro qonunlarni buzmoqda.

Isroil vaziri Benni Begin g’arbiy sohilni Injildagi nomi – Samariya deb tilga oladi. “Yangi inshootlar qurmaymiz-u, lekin borlarini kengaytirishga haqlimiz, aholi ko’payar ekan, ularni uy-joy bilan ta’minlash uchun”, - deydi u.

Isroil-Falastin mojarosini qanday yechish borasida ham qarashlar turlicha. Barak Obama nazarida “Isroil va Falastin xalqlari yonma-yon, tinch yashay oladi. Ikki mustaqil davlat sifatida”. Benyamin Netanyaxu Falastin ma’muriyati bilan muzokarani davom ettirishga tayyor, lekin davlatchilik haqida lom-mim demaydi.

AQShning Quddusdagi sobiq Bosh konsuli Filip Vilkoks fikricha o’rtadagi tafovutlar oydek ravshan. “Netanyaxu Vashingtonga kelib, yuqorida qayd etilgan har ikki masalada Obamaga yo’q deya javob qildi”, - deydi diplomat.

Chigallik Falastindagi ahvol, ya’ni bu o’lka taqdirini belgilovchi siyosiy kuchlar ikkiga bo’linib qolgani, bu xalq tarqoq ekani bilan ham izohlanadi. G’azo sektori Xamas qo’lida. Prezident Mahmud Abbos siyosiy jihatdan zaif. Vashington uni qo’llab-quvvatlashga harakat qilyapti, deydi tahlilchi G’ayt al-Umari.

“Gap shundaki, Mahmud Abbosning xalq orasidagi nufuzi tinchlik jarayoni bilan chambarchas bog’liq. G’arbiy sohilga qancha sarmoya kiritmaylik, u xalq ishonchini qozonmas ekan natija kutmang”.

Isroil hukumati yangi uy-joy qurmaslikka, noqonuniy tekshiruv punktlarini olib tashlashga va’da bergan. Ammo Barak Obama fikricha buning o’zi yetarli emas. Tahlilchilar ta’biricha Vashington bu jarayonda adolatli vositachi bo’la olishini isbotlamoqchi.

Isroil hukumati bergan so’nggi bayonotga ko’ra, AQShning g’arbiy sohilda qurilish ishlarini bas qilish talabi noo’rin. “Buni hech bir hukumat to’xtata olmaydi. Aholi ko’paymoqda, ular hududda qo’shimcha binolar qurishga haqli”, - deydi Isroil hukumati so’zlovchisi.

Ayrim sobiq rasmiylarning aytishicha, bu haqda besh yilcha oldin Bush ma’muriyati bilan kelishib olingan. Ya’ni g’arbiy sohilda yangi inshootlar qurilmaydi, biroq borlarini kengaytirishga Bush ma’muriyati rozilik bergan edi, deydi Isroil sobiq Bosh vaziri Ariel Sharon qo’lida ishlagan rasmiylar.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonning ta’kidlashicha, buni tasdiqlovchi hech bir rasmiy hujjat yo’q.

“So’nggi 8 yil mobaynida o’tkazilgan muzokaralarga oid rasmiy hujjatlar qo’limizda. Masala yuzasidan Isroil hukumati bilan na yozma, na og’zaki tarzda erishilgan biror kelishuv qayd etilgan emas”, -deydi AQSh tashqi ishlar vazirasi.

XS
SM
MD
LG