Breaking News

Shimoliy Koreya terror homiylari ro'yxatiga qayta kirishi mumkin


Shimoliy Koreya uzoq masofali raketalarini sinovdan o’tkazishda davom etar ekan, Obama ma’muriyati bu mamlakat terror homiylari ro’yxatiga qayta kiritilishi mumkin demoqda.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton “rasmiy Pxenyanning atom quroliga da’vosi provokatsion harakat bo’lib, xalqaro sanksiyalarni pisand qilmaslik jazolanishi kerak”, deydi.

Shimoliy Koreya atom qurolini ishlab chiqarmaslik va’dasi evaziga terror homiylari ro’yxatidan olib tashlangan edi.

"Biroq va’daga va’fo qilinmayapti", - deydi Klinton.

Pxenyan xalqaro atom inspektorlarini yadroviy inshootlariga kiritilishiga ham rozi bo’lgan edi, biroq bir oy oldin ularni mamlakatdan chiqarib, atom zavodlarini qayta ochishga bel bog’ladi.

Xillari Klinton jiddiy choralar ko’riladi demoqda.

Obama ma’muriyati, deydi Klinton, BMT bilan hamkorlikda ishlab, Shimoliy Koreya yadroviy materiallarni eksport qilmasligi uchun barcha choralarni ko’radi.

"Shimoliy Koreyani bu shashtidan qaytara oladigan va amalda ish beradigan rezolyutsiya ustida ishlayapmiz. Shunday mexanizm yaratilsinki, rasmiy Pxenyan hech kimga va hech qachon o’z atom arsenalini pullay olmasin. Aks holda Shimoli-sharqiy Osiyoda qurollanish poygasi boshlanib ketishi hech gap emas",- deydi Xillari Klinton.

AQSh bosh diplomatining aytishicha Shimoliy Koreyaga sanksiya qo’yish rejasini ham Rossiya, ham Xitoy bir ovozdan qo’llab-quvvatlamoqda.

XS
SM
MD
LG