Breaking News

AQSh harbiylari orasida fors va arab tillariga qiziqish katta


Dunyodagi eng tanilgan til markazlaridan biri Kaliforniyaning Monterey shahrida joylashgan. 1941 yildan beri Mudofaa til instituti armiya uchun maxsus mutaxassislar tayyorlaydi.

Monterey shahri azaldan turli madaniyat va elatlar qorishgan maskan hisoblanadi. Bu yerdagi harbiy bazada 3000 ga yaqin talaba 24 til orasidan istagani bo’yicha tahsil oladi.

Til o’rganishda eng so’nggi texnologiyadan foydalaniladi. Interaktiv kompyuterlardan iPod-largacha. Ammo, deydi muallimlar, til o’rganishning oson yo’li bo’lmaydi. Kuniga yetti soat talabalar darsda.

Arab va pushtu tillaridan saboq olgan studentlardan birining aytishicha, kuniga 2-3 soat uy vazifasini bajarishga ketadi.

"Shundan so’ng yana ikki soat qo’shimcha mashg’ulotlar uchun", - deydi talaba.

Afg’oniston va Iroqdagi urushlar Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo tillariga ehtiyoj tug’dirdi. Farroh Jafari yosh askarlarga fors tilidan dars beradi.

"Xizmatga kelgan uchuvchilar, dengizchilar, piyoda askarlari fors tilini o’rganishni arab yozuvida, boshidan, alifbedan boshlaydi. Harflarni yodlash uchun ikki yarim hafta vaqt ketadi", - deydi Jafari.

47 haftalik kursdan so’ng talabalar fors tilida bemalol so’zlasha oladi.

Murakkabligiga qarab har bir tilni o’rganish muddati turlicha bo’ladi, deydi markaz rahbari polkovnik Syu-Ann Sanduskiy.

"Fransuz, portugal, ispan va italyan tillarini o’rganishga odatda olti oy ketadi. Murakkab bo’lgan xitoy, arab, yapon va koreys tillari esa 18 oygacha vaqt talab qiladi", - deydi polkovnik.

Til institutida madaniyat kunlari, til kunlari ham o’tkazilib turiladi. Talabalar turli millat urf-odatlari, raqslari va taomlarini tayyorlab bayram qilishadi.

Markaz talabalari asosan 25 yosh atrofida. Ba’zilari o’rta unvonli ofitserlar. Polkovnik Dino Pik rahbarligidagi dastur xorijiy harbiylar bilan aloqa qilishda yordam beruvchi, armiya qarorgohlari yoki elchixonalarda maslahatchi bo’lib ishlaydigan mutaxassislarni tayyorlaydi. Dino Pik arab tilini biladi, Yaqin Sharqda xizmat qilgan.

"Darslarimda diplomatik missiyalarda xizmat qilganda nimalarga e’tibor berish lozimligini o’rgataman. Talabalar o’zga mamlakat tarixi, urf-odatlari, madaniyati, iqtisodiy ahvoli borasida ma’lumot oladi", - deydi muallim.

Markaz rahbari polkovnik Sanduskiy esa Afrika bo’yicha mutaxassis, fransuz tilida erkin so’zlashadi.

"Talabalar tilni o’zlashtirgach, davlat xavfsizligi maqsadlarida ishga soladi", - deydi u.

Mudofaa til instituti bitiruvchilarining ba’zilari tarjimon sifatida razvedkaga ishga olinadi. O’zga millat va yurt madaniyatini tushunmoqchi bo’lsangiz, tilini qunt bilan o’rganing, deydi muallimlar.

XS
SM
MD
LG