Breaking News

Guantanamodagi uyg'ur mahbuslar ozod etilishi mumkin


Prezident Barak Obama Guantanamodagi qamoqxonani yopishga bel bog'lagan ekan, undagi 250 ka yaqin mahbusning taqdiri muhokama qilinmoqda. Terrorizmda gumon qilinganlar orasida bir necha uyg'ur ham bor. Ularga rasman ayblov qo'yilmagan bo'lsada, uyg'urlarning 8 yil umri Guantanamoda o'tgan.

AQShning "Mayami Gerald" gazetasida chiqqan maqolaga ko'ra, Guantanamodagi qamoqxonada 8 yildan beri saqlanayotgan xitoylik 17 nafar uyg'ur mahbusning advokatlari AQSh Oliy sudidan ularning ishini ko'rib chiqishni so'ragan. Sakkiz oy burun okrug sudyasi ularni ozod etish haqida qaror chiqargan edi, ammo Bush ma'muriyati talabiga binoan appelyatsion sud qaror ijrosini to'xtatgan edi.

Qo'shma Shtatlar ularni ortiq tahdid deb bilmasada, ba'zilar Guantanamo mahbuslarining AQShga kiritilishini istamasdan hukumatdan buning uchun uchinchi davlat topishni so'rab keladi. Ammo hech bir davlatdan hozircha aks-sado chiqmagan. 2006 yili besh nafar uyg'ur mahbusni Albaniya qabul qilgan edi.

"Blumberg Nyus" axborot agentligi xabariga ko'ra, qamoqxonadagi 17 uyg'ur mahbusning ba'zilariga AQShda qolishga ruxsat berilishi mumkin.

"Qo'shma Shtatlar tashabbusni qo'lga olmas ekan va mahbuslarning ba'zilarini qabul qilmas ekan, Yevropa davlatlarini bu ishga ko'ndirish oson bo'lmaydi", deydi Bush ma'muriyati qoshida huquqiy maslahatchi bo'lgan Jon Bellinger.

Prezident Obama yanvar oyida Guantanamoni yopish haqida ma'lum qilgan edi, ammo Senat mahbuslarni Amerikadagi qamoqxonalarga ko'chirish haqidagi qonunga qarshi ovoz bergan. Senatorlarning bu AQShda xuruj ehtimolini kuchaytiradi deya tashvish bildirishi o'z navbatida Germaniyani ham fikridan qaytargan.

Hukumat idoralararo guruh tuzib, har bir mahbusning ishini alohida ko'rib chiqishga kirishgan. Ularning bo'lajak taqdiri, ya'ni ozodlikka chiqishi, sud qilinishi yoki cheksiz muddat ushlab turilishi ana shu guruh tavsiyasiga ko'ra hal qilinadi.

Yaqinda bir guruh amerikalik muxbirlar Guantanamoga kiritilib, mahbuslar bilan suhbat qilishga muvaffaq bo'lgan. Uyg'urlar ularning saqlanishi qonunga xilof ekanini aytib, jurnalistlar bilan suhbatda Amerikani Gitlerga qiyoslagan. "Amerika begunoh odamlarni qamoqda saqlab inson huquqlarini poy-mol qilyapti" degan mahbuslar.

Xitoy uyg'urlarning unga berilishini talab qilsada, mahbuslarning qiynoqqa solinish ehtimoli yuqori bo'lgani uchun AQSh rad javobini bergan.

AQSh Adliya vazirligining o'tgan hafta aytishicha, uyg'urlar ularni qabul qilishga tayyor istalgan mamlakatga chiqishi mumkin. Ammo AQShga kiritishi qarorini sud emas, hukumat qabul qiladi.

AQShda chiqadigan yana bir gazeta, "Vashington Post" prezident Obamani uyg'ur mahbuslarga nisbatan odil qaror chiqarishga chaqirmoqda.

"Obama xalqaro jamoatchilik tanqidiga uchragan Guantanamo qamoqxonasini ochishga ko'rsatma bermagan, ammo uni yopish yangi prezident zimmasida. Mahbuslarni qamoqda yillab adolatsizlarcha ushlab turish uyatdir. Agar qonun ustuvorligi va adliya tizimi bu mamlakatda biron-bir ma'noga ega bo'lsa, bunga chek qo'yish kerak," deb yozadi "Vashington Post".

XS
SM
MD
LG