Erondagi saylovlarda Ahmadinejod imkoniyatlari balandroq


Eronda o'tkazilgan ijtimoiy so'rov natijalariga ko'ra, juma kunga belgilangan prezident saylovlarida amaldagi rahbar Mahmud Ahmadinejod g'alaba qozonishi mumkin. So'rov AQShdagi ikki tahlil institut buyurtmasiga ko'ra amalga oshirilgan.

So'ralganlarning 34 foizi Ahmadinejodga ovoz berishini aytgan bo'lsa, 14 foizi islohotchi arbob, sobiq bosh vazir Mir Husayn Musaviyni qo'llab-quvvatlashini bildirgan. 27 foizi esa ikkilanayotganini ma'lum qilgan.

Agar saylovlarda hech bir nomzod kamida 50 foiz ovoz olmasa, eng ko'p ovoz to'plagan ikki nomzod keyingi bosqichga chiqadi.

So'rovni buyurtirgan tashkilotlardan birining rahbari Ken Ballen fikricha, AQSh va G'arbda eronliklar haqidagi stereotiplar haqiqatdan yiroq.

"Ular ham demokratik kelajak, erkin matbuot, ochiq saylovlarni istaydi," deydi Ballen.

So'ralgan 1000 ga yaqin eronlikning deyarli 90 foizi juma kungi saylovga chiqishini aytgan. 70 foizi saylovlar adolatli bo'lishiga ishonch bildirgan.

Tahlilchi Flint Leverettning aytishicha, Musaviy saylov kampaniyasi davomida ko'plab odamlar va matbuot diqqatini o'ziga qaratishga muvaffaq bo'ldi.

"Bizning taxminimizcha, tobora ko'proq saylovchilar Musaviyni so'nggi pallada qo'llab-quvvatlashi mumkin. AQShdagi saylovlarda bo'lganidek, ko'p narsa saylovchilar faolligiga bog'liq bo'ladi," deydi Leverett.

Ijtimoiy so'rovda ishtirok etganlar, shuningdek, AQSh va Isroilni o'z mamlakatiga asosiy tahdid deb bilgan.

"Ammo aksariyati," deydi Ken Ballen, "Eron tashqi yordam va sarmoyalar evaziga yadro dasturidan voz kechishi kerak degan. Ya'ni eronliklar xalqaro hamjamiyat bilan aloqalarni kuchaytirish tarafdori."

XS
SM
MD
LG