Breaking News

Yevropa delegatsiyasining O'zbekistonga tashrifidan umidlar...


Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi O’zbekistonda bo’lib, rasmiylar, nodavlat tashkilot vakillari bilan muloqot qilgan. Huquqiy vaziyat muhokama qilingan. Huquq himoyachilari delegatsiya bilan uchrashishga harakat qilgan, biroq ularni militsiya olib ketgan.

Faollarning aytishicha, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi bilan uchrashuvda siyosiy mahbuslar taqdiri, qiynoqlar, inson huquqlari bilan bog’liq umumiy vaziyat muhokama qilingan.

Yevropa Ittifoqi delegatsiyasiga O’zbekistondagi siyosiy mahbuslar ro’yxati topshrilgan. Delegatsiya a`zolari rasmiylar bilan muzokarada siyosiy mahbuslar masalasini ko’tarishga va’da bergan.

Faollar mamlakatda inson huquqlari bilan bog’liq vaziyat tobora og’irlashib borayotganiga e’tibor qaratgan.

Yevropa Ittifoqi va rasmiy Toshkent o’rtasida inson huquqlari bo`yicha ikki yildan buyon davom etayotgan muloqot turlicha sharhlanadi. O’zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Sur’at Ikromovning aytishicha, navbatdagi muloqot natijasida qamoqdagi bir nechta faol ozodlikka chiqishi mumkin.

“Hozir qamoqda o’tirgan jurnalistlar, huquq himoyachilari, muxolif partiya a’zolari familiyalari yozilgan ro’yxatni hukumatga topshiramiz, deyishdi. Albatta ular ko`proq kishini ozodlikka chiqarsihga harakat qiladi. Buni endi vaqt ko’rsatadi”, - deydi Ikromov.

Ayrim faollar nazarida bu muloqotni umumiy vaziyatga tasir qilishiga gumon.

“Yevropa Ittifoqi inson huquqlari bilan bog’liq ahvol yomonlashganiga ko`z yumadi degan qarashlar ham bor. Menimcha, bunda jon bor, chunki hukumat siyosiy mahbuslarni qamash, bolalar mehnati kabi masalalarda qo’pol qadamlar qo’ydi”, - deydi “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati vakili Abdurahmon Tashanov.

“Tezkor guruh” tahlilchisi Suhrob Ismoilovning aytishicha, muloqot yopiq eshiklar ortida o`tmoqda. Fuqarolik jamiyati vakillari hukumat bilan borayotgan muzokaralar tafsilotidan xabarsiz.

Yevropa Ittifoqi va rasmiy Toshkent muloqoti davom etar ekan, Chexiya elchixonasida piket rejalagan O`zbekiston huquq himoyachilari alyansi vakillari ta’qib qilinmoqda. Alyans vakili Yelena Urlayeva so’zlariga ko`ra, piketdan maqsad siyosiy mahbuslar haqidagi arizani Yevropa Ittifoqiga yetkazish bo`lgan.

Biroq aksiya amalga oshmagan, huquq himoyachilari militsiya boshqarmasiga olib ketilgan, do’pposlangan. Faollar ma`muriy javobgarlik bo`yicha sudga tortilishi ham mumkin.

XS
SM
MD
LG