Yangi strategiya Afg'onistondagi urushda burilish yasashi kerak


NATO va afg’on qo’shini shimoldagi Bag’dis viloyatida o’nlab jangarini yo’q qilgan. Viloyat xavfsizligi uchun muhim hisoblangan yo’llarda nazorat o’rnatildi, deydi harbiylar.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts bugun Bryusselda. NATOga a’zo mamlakatlar Afg’onistondagi vaziyatni muhokama qilyapti.

Vashington Afg’onistondagi yangi strategiya yetti yillik urushda burilish yasaydi degan umidda. “Qo’shma Shtatlar ham harbiy, ham iqtisodiy sohaga birdek ahamiyat qaratar ekan, kelasi bir, bir-yarim yil ichida ko’p narsa hal bo’ladi”, - deydi vazir Robert Geyts.

“Biroq Afg’oniston taqdiri ittifoqchi davlatlar bu missiyani qanchalik qo’llab-quvvatlashiga bog’liq. Tolibon va qoradori makoni sanalgan janubiy viloyatlarda nazoratni qo’lga olish uchun ko’proq askar zarur”, - deydi u.

NATO mudofaa vazirlari Afg’onistonda yaqinlashayotgan prezident saylovlari oldidan vaziyatga baho bermoqda. Saylov avgustga belgilangan. NATOning janubdagi qo’shini uchun mas’ul general Mart de Krufning aytishicha, AQSh yuborayotgan qo’shimcha kuchlar ungacha joylashib oladi.

Afg’on armiyasi va politsiyasi safini kengaytirish va malakasini oshirishga ham e’tibor katta. Obama ma’muriyati Yevropa davlatlaridan ko’proq murabbiy jo’natishni so’ramoqda.

NATO, shuningdek, Kosovodagi tinchlikparvar qo’shin sonini 30 foizga kamaytirib, ularni Afg’onistonga safarbar etadi.

XS
SM
MD
LG