Uyg'ur xalqi AQShdan yordam va e'tibor so'ramoqda


Nasiba Tohir: O’z davlatiga asos solish orzusida yashayotgan uyg’urlarning aytishicha AQSh bu xalqning ishongan homiysi. Kongressda bugun Xitoydagi uyg’ur aholi hayoti muhokama qilindi. Jahon Uyg’urlari Kengashi yetakchisi Robiya Qodir Amerika hukumatidan yordam va e’tibor so’ramoqda. Odil Ruzaliev biz uchun bu tadbirni kuzatdi.

Odil Ruzaliev: Anjumanda bir necha qonunchi, kuzatuvchi va Robiya Qodir ishtirok etmoqda. Robiya Qodir - Jahon Uyg'urlari Kongressi raisasi, uyg'ur xalqi huquqlari uchun kurashib kelayotgan faollardan. Demokrat qonunchi Vilyam Delaxant [Bill Delahunt] - Massachussets shtatidan, tinglovga raislik qilmoqda. U Vakillar Palatasi Tashqi ishlar qo'mitasining Xalqaro tashkilotlar, inson huquqlari va nazorat bo'yicha quyi qo'mitasi raisi. Inson huquqlarini himoya qilib kelgan arbob. 2005 yilda Andijon voqealari yuzasidan Islom Karimovni Xalqaro jinoiy sudga tortish haqidagi rezolyutsiya mualliflaridan biri bo'lgan. Rezolyutsiya o'tmagan. 2008 yilda Kongressda Guantanamo mavzusida o'tgan tinglovda o'zbekistonlik mahbus Oybek Jabborovning advokatlari bilan suhbatda bo'lgan.

Bugun tinglovda ishtirok etayotgan qonunchi va mutaxassislar Xitoyning uyg'urlarga nisbatan siyosatini keskin qoralab, diniy siyosatini tanqid qilgan. Xususan, Robiya Qodirning aytishicha, Turkiston Islomiy Partiyasi yoki "Sharqiy Turkiston Islomiy Harakati" deb tan olingan terrorchi tashkilot amalda bormi, yo'qmi, hali ma'lum emas. Bu, uning aytishicha, Xitoy hukumati o'ylab topgan afsona bo'lishi mumkin.

Robiya Qodirning aytishicha, Xitoyda uyg'urlarning iqtisodiy ahvoli juda nochor, xitoyliklar bilan solishtirganda. Yangi siyosatga ko'ra, yosh uyg'ur ayollari majburan sharqiy hududlarga ko'chirilmoqda. Xitoy Kommunistik Partiyasining 11-besh yillik maqsadlarida 400 ming uyg'ur ayolini sharqiy viloyatlarga ko'chirish ko'zda tutilgan. Bu esa Sharqiy Turkistondagi demografik vaziyatga salbiy ta'sir qilmoqda. Uyg'urlar o'z yerida ozchilikka aylangan, chamasi 40-45 foiz atrofida.

Bundan tashqari uyg'urlarni xitoylashtirish avjida. Maktablarda uyg'ur tilida ta'limni kamaytirib, xitoy tilini yagona muloqot tiliga aylantirish juda kuchli.

Xitoylik uyg'urlar haj safarini ado eta olmaydi. Davlat xizmatchilari va talabalar Ramazon oyida ro'za tuta olmaydi, deydi Robiya Qodir.

Robiya Qodir salkam olti yil qamoq jazosini o'tagan, ikki o'g'li turmada saqlanmoqda. U Davlat departamentidan uyg'ur masalalari bilan shug'ullanuvchi maxsus vakil lavozimini yaratishni so'ramoqda.

Shuningdek, tinglovda AQSh Kongressi qoshidagi Xalqaro diniy erkinliklar bo'yicha komissiya raisasi Felis Geyr [Felice D.Gaer] ham ishtirok etmoqda. U ham Xitoy siyosatini qoralab, AQSh hukumatidan BMT Inson huquqlari kengashida Xitoy masalasini ko'tarishni, Urumchida AQSh konsulligini ochishni so'ramoqda. Chunki konsullik ochilsa, Xitoyda uyg'urlarga nisbatan siyosatni nazorat etish osonroq bo'ladi, deydi rasmiy.

Nuri Turkel ham tinglovda qatnashmoqda. U uyg'ur faoli, Vashingtondagi huquqshunos. Uning aytishicha, uyg'urlar Sharqiy Turkistonda mehmonxona va hammomlarga kiritilmayapti, Shinjonda tarixiy obidalar, masjidlar buzilishi mumkin. Nuri Turkel tinglovda ishtirok etayotgan AQSh qonunchilarini obidalar buzilmasidan oldin Shinjonga tashrif buyurishga chaqirgan.

Nasiba Tohir: Hozir Amerika uchun Guantanamo qamoqxonasini yopish masalasi dolzarb bo’lib turibdi. Kongressmenlar har holda Guantanamodai uyg’ur mahbuslar taqdiri haqida gapirayotgan bo’lsa kerak. Begunoh ekani isbotlangan va tan olingan bu asirlar uchun qayerdan boshpana topish masalasi yuzasidan uyg’ur faollar Kongressga nima fikr bildirmoqda?

Odil Ruzaliev: Hozir Guantanamoda 17 uyg'ur saqlanmoqda. Ular avval terrorizmda ayblangan, biroq keyinchalik aybsiz topilgan. Mahbuslar sakkiz yildan beri Guantanamoda saqlanmoqda. Ularni qaysi davlatga chiqarish masalasi esa hamon ochiq. AQSh qonunchilari uyg'ur mahbuslarining Amerikada panoh topishiga qarshi. Biroq so'nggi xabarlarga ko'ra, tinch okeanidagi orol davlat - Palau 17 uyg'urga vaqtincha panoh berishga rozi. Buning uchun davlat AQShdan 200 million dollar yordam oladi. Uyg'ur faollari bu haqda to'xtalib, nima uchun orol davlat mahbuslarni qabul qila oladi-yu, Qo'shma Shtatlar ularga boshpana berishi mumkin emas, deb so'ramoqda.

XS
SM
MD
LG