Breaking News

AQSh: Eron yadro dasturi Rossiyani ham xavotirga solmoqda


Prezident Barak Obama kelasi oy Rossiyaga tashrifi chog’ida qurol nazoratiga doir yangi bitim imzolashi kutilmoqda. Amaldagi bitim muhlati joriy yil oxiriga borib tugaydi.

Ayni paytda Rossiya ixtiyorida 2800 ga yaqin yadroviy qurol bor. Ular uchun mas’ul general Nikolay Solovtsov fikricha AQSh bilan yangi kelishuv doirasida Rossiya kamida 1500 tasini saqlab qolgani ma’qul.

Moskvada Barak Obama Yevropani Eron va Shimoliy Koreya hujumidan himoya qilish borasida ham gaplashadi. Bugunga kelib Kremlning Eron yadro dasturi bo’yicha pozitsiyasi ancha o’zgargan. Ya’ni “Eron yaqin orada Yevropa hududi, jumladan Rossiyani nishonga olish salohiyatiga ega bo’ladi” degan xulosaga qo’shiladi.

“Ikki yilcha oldin Vladimir Putin bilan uchrashganimda,” deydi AQSh mudofaa vaziri Robert Geyts, “u bu boradagi xavotirlarni tamoman rad etgan edi”.

Rossiya AQShning Polsha va Chexiyada mudofaa sistemalari o’rnatish rejasiga kuchli qarshilik bildirib keladi. O’z xavfsizligiga tahdid deb biladi. Vashington Kremlga bunday tizimni birgalikda yaratishni taklif etmoqda.

“Eron xavfi borasidagi qarashlar bir ekan, Kremldan taklifni qabul qilishni so’rayapmiz” - deydi Geyts.

Barak Obama prezidentlikka kelgach, Yevropada rejalangan mudofaa tizimini qayta ko’rib chiqishga ko’rsatma bergan. Zarurat bo’lsa, uni ma’qullaymiz va Kreml bilan hamkorlikda ish ko’ramiz, deydi rasmiylar.

XS
SM
MD
LG