Markaziy Osiyo davlatlari kelajakni birga quradimi yoki alohida?


Markaziy Osiyo rahbarlari Moskvada Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi sammitidan keyin Yekaterinburgga yo’l olib, u yerda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti anjumanida ishtirok etmoqda.

Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi va Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitlari mintaqaviy aloqalar bir qadar keskinlashgan paytga to'g'ri kelmoqda.

Sharhlovchilar nazarida Xitoy va Rossiya qanoti ostida tuzilgan bu ikki tashkilot mintaqa davlatlari uchun ko'proq ramziy ma'no kasb etadi xolos.

Markaziy Osiyoda iqtisodiy-siyosiy, ijtimoiy-madaniy aloqalarni muvofiqlashtiruvchi birorta rasmiy mintaqaviy tashkilot yo'q.

Mintaqa iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bir necha yil avval tugatilgan va hamkorlikka birlashish tobora qiyinlashib, ziddiyatlar kuchayib bormoqda.

O'zbekiston va Qirg'iziston Moskvadagi majlisdan tashqarida uchrashib muloqot qilgan. Ikki davlat chegarasi o'tgan oy ancha notinch bo'ldi.

“Markaziy Osiyo tarixida hali bunaqasi bo'lgan emas. O'zbekiston chegarada zovur qazimoqda. Buni kimdir xalqqa tushintirishi kerak. O`zbekiston rahbariyati buni qilyotgani yo'q. Bu narsa ikki xalq o'rtasidagi munosabatlarga ham juda yomon ta'sir qiladi. ShHT bunga munosabat bildirsin, vositachilik qilsin”, - deydi tarixchi olim Fayzulla Isxoqov.

Ma'lumotlarga ko'ra prezidentlar ikki o'rtadagi aloqalar rivojlanishi, Qirg'iziston- Xitoy – O'zbekiston temiryo'l qurilishi haqida gaplashgan.

O'zbekiston yana bir qo'shnisi Tojikiston bilan ham chiqishmay keladi. Rossiyadagi anjumanlarda ikki respublika rahbarlari alohida uchrashishi rejalanmagan.

Mahalliy kuzatuvchilar deydiki, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi va Shanxay Hamkorlik Tashkiloti qabul qilayotgan qarorlarda Markaziy Osiyo manfaatlari hisobga olinmayapti.

“ShHT ga a'zo to'rt davlat, Turkmaniston qo'shilsa beshta, tashqi siyosatni amalga oshirishdan oldin, birgalikda qandaydir umumiy pozitsiyalr ishlab chiqqan holda yurgizarmikan yoki har biri o'zi bilganicha siyosat yurgizarmikan? Masala shu savolga borib taqalmoqda. Markaziy osiyo davlatlari o'z kelajagini birga quradimi yoki alohidami degan savol...", - deya fikr bildiradi siyosiy tahlilchi Farxod Tolipov.

Fayzulla Isxoqov nazarida Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi doirasida tezkor qo'shinlar tuzilishi va mintaqa davlatlarining turlicha munosabatda ekani ham kelajakda mintaqaviy hamkorlikka to'siq bo`lishi mumkin.

“Qirg'iziston va Tojikiston kabi davlatlar Rossiyaga bog'lanib qoladi, uning iznidan chiqmaydi. Ularning boshqa respublikalar bilan munosabati ham Rossiyadan taqozo etishi mumkin. Ayniqsa harbiy sohada Rossiya bilan maslahatlashib ish ko'rishga majbur bo'lishadi”, - deydi olim.

ShHT hozir asosiy e'tiborni Afg'onistondagi vaziyatga qaratmoqda. Yekaterinburgdagi anjumanda Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay ishtirok etmoqda.

2005 yilda O'zbekistondan AQSh harbiy bazasini chiqarish talabi aynan Shanxay Hamkorlik Tashkilotida yangragan bo'lsa, hozirda bu davlat havo kuchlari Qirg'izistondagi “Manas” aerodromini bo'shatish harakatida.

Sammitda Afg`oniston va Qirg'iziston prezidentlari ikki tomonlama muzokara olib boradi. Karzay rasmiy Bishkekni Manasni AQSh uchun yopmaslikka chaqirgan.

XS
SM
MD
LG