Eronda Musaviy tarafdorlari namoyishlarni davom ettirmoqda


“O’tgan kunlar ichida bir necha kishining hayotiga zomin bo’lgan zo’ravonliklar takrorlanishini istamaymiz”, - deydi muxolifat yetakchisi Mir Husayn Musaviy.

Islohotchi guruhlar prezident saylovlari natijasini bekor qilishni talab qilmoqda. Diniy ulamolardan iborat Vasiylar Kengashi ovozlarni qisman qayta sanashga ruxsat bergan xolos.

Qo’shma Shtatlar Erondagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib turibdi. Prezident Barak Obama saylov janjaliga aralashmoqchi emas, ammo uning nazarida Eron xalqi o’zgarish talab qilayotgani ayon.

“Eron xalqi o’z rahbarlarini o’zi tanlaydi. Masalani qanday hal etish ularning o’ziga havola. AQSh bu mamlakat ichi ishlariga aralashmaydi”,- deydi Obama. “Ammo odamlar o’limiga sabab bo’lgan zo’ravonlikka ko’z yumib bo’lmaydi”.

“Qaysi bir mamlakatda bo’lmasin, odamlar adolat va o’z haq-huquqini talab qilishga haqli. Tinch namoyishlarning bostirilishi afsuslanarli hol”, -deydi prezident.

Obama saylovda qatnashgan hech bir nomzod ismini tilga olmadi. Saylov natijasiga baho berishga ham shoshmayapti. Ayrim qonunchilar uni dadilroq bo’lishga, “saylov xalq xohish-istagini aks ettirmadi” deb ochiq aytishga undamoqda.

Kongress a’zosi Shila Jekson “biz Eron prezidentini tanlashga harakat qilayotganimiz yo’q, bu huquqni odamlarga bering deb so’rayapmiz” deydi.

Yana bir qonunchi Karolin Maloni fikricha, Eronda ovozlarni qisman qayta sanashga ruxsat berilgani ijobiy hol. “Rasmiy Tehron bilsin, xalqaro hamjamiyat ularning har bir qadamiga baho bermoqda”.

Respublikachi qonunchi Deyv Reyxart deydiki, Eronda hokimiyat tepasiga kim kelishigan qat’iy nazar, bosh masala – uni yadroviy masqadlaridan voz kechishga ko’ndirishdir.

XS
SM
MD
LG