Afg'oniston G'arb diqqatini Markaziy Osiyoga qaratmoqda


Pokistonning Svot vodiysida Tolibonga qarshi kurash Markaziy Osiyoda aks-sado berayotgan bo’lishi mumkin.

Sharhlovchilar nazarida o’tgan oy o’zbek-qirg’iz chegarasida ro’y bergan otishma va Tojikistonning Rasht vodiysida jangari qo’mondon Abdullo Rahimovni qo’lga olish operatsiyasi xalqaro matbuotda uncha yoritilmadi.

AQSh Afg’onistonda tinchlik o’rnatish uchun qo’shni davlatlar yordamiga tayanmoqda. Ammo, deya yoritadi Amerika matbuoti, bu repressiv jamiyatlarning o’zi inqiroz yoqasida.

AQShning “Time” jurnali bilan suhbatlashgan mutaxassislar fikricha avtoritar tuzumlar hukmron Markaziy Osiyoda iqtisodiy ahvol og’ir ekan, aholi orasida repressiv boshqaruvga nisbatan norozilik ham tobora oshib bormoqda. Bu esa radikal guruhlarga qo’l kelmoqda, deydi tahlilchilar.

O’zbekiston Islomiy Harakatining faoliyati ancha to’xtab qolgan deyilsa-da, Pokiston hukumati va matbuotiga ko’ra, Tolibon safida bugun 4 mingga yaqin markaziy osiyolik va kavkazlik jangarilar borligi ta’kidlanmoqda.

Mintaqada izlanishlar olib borgan amerikalik olim Erik Makglinchi deydiki, Markaziy Osiyoda diniy ekstremizm ortida repressiya yotadi.

“Mintaqada sovetcha mentalitet saqlanib qolgan”, - deydi yana bir ekspert Shon Roberts. “Odamlar siyosatga yoki hukumat o’zgarishi biror ijobiy natija olib kelishiga ishonmaydi. Hatto lolaqizg’aldoq inqilobini boshdan kechirgan, bir paytlar demokratiya oroli deb tan olingan Qirg’izistonda Kurmanbek Bakiyev hukumati avvalgisidan ko’p farq qilmaydi”.

Olim fikricha, Qo’shma Shtatlar hamon Markaziy Osiyoni Rossiya qanoti ostidagi, o’z tashqi siyosati va taraqqiyot yo’lini haligacha aniq belgilab olmagan davlatlar deb biladi. Barak Obama prezidentlikka kirishgach ham bu siyosat jiddiy o’zgardi deyish qiyin. Afg’oniston notinch ekan, hamkorlik asosan harbiy sohada cheklanib qolmoqda, deya yozadi “Time” jurnali.

20 avgustda Afg’oniston xalqi prezidentga ovoz beradi. 41 nomzod ishtirok etayotgan saylov kampaniyasi boshlab yuborilgan.

Amaldagi prezident Hamid Karzay qayta saylanadi degan taxminlar kuchli. Ammo hokimiyatga kim kelishidan qat’iy nazar, Afg’onistonning eng osoyishta shimoliy hududlari, o’zbeklar yashaydigan mintaqani kim nazorat qilishi hozirdan ma’lum – mahalliy qo’mondonlar.

Vashington Post” gazetasining yozishicha, viloyatlarni o’z saltanatidek boshqaruvchi, davlat idoralari, jumladan politsiyani o’ziga qaratib olgan qo’mondonlar uchun Hamid Karzay prezidentlikka eng ma’qul nomzod. Karzay g’alabasi ular ham o’z taxtida qoladi degani.

Sharhlovchilar Afg’oniston markaziy hukumati nomigagina hukumat ekani, asl hokimiyat azaldan o’ziga xon, o’ziga bek bo’lgan qo’mondon va qabilaviy yetakchilar qo’lida ekanini aytadi. Karzay vitse-prezidentlikka sobiq qo’mondonlar – Muhammad Fahim va Karim Haliliyni tanlagani tanqid ostiga olinmoqda.

Prezident idorasi so’zlovchisi Hamidzodaning aytishicha, gap nufuzli qo’mondonlarga yon bosish emas, Afg’onistondek parokanda jamiyatni birlashtirish haqida ketmoqda. “Muhammad Fahim tojik, Karim Haliliy hazora, Hamid Karzayning o’zi esa pashtular vakili”.

Afg’onistonda o’zbeklar yetakchisi Abdurashid Do’stum Karzay bilan ko’p jihatdan chiqisha olmasa-da, prezidentlikka uni quvvatlamoqda. Sharhlovchlar fikricha esa prezident nufuzli qo’mondonlarga ishonch yoki hurmat-e’tibori sabab tayanayotgani yo’q, balki o’z hokimiyati zaif ekanini biladi.

XS
SM
MD
LG