Breaking News

Eron diniy rahnamosi muxolifatga ogohlantirish berdi


Eron diniy rahbari Oyatulla Ali Xomeniy saylov natijasi yuzasidan norozilik chiqishlarini bas qilishga chaqirmoqda.

Uning ta’kidlashicha har qanday zo’ravonlik uchun muxolifat yetakchilari javob beradi.

12 iyundan beri ilk murojaatida Xomeniy “xalq o’zi istagan rahbarni sayladi” deya 63 foiz ovoz to’plagan prezident Mahmud Ahmadinejodni qo’llab-quvvatlagan.

“Saylov natijasi soxtalashtirilgani haqidagi ayblovlar asossiz. Xalq lavozimga Ahmadinejodni loyiq ko’rgani uchun unga ovoz berdi”, - deydi u.

Mir Husayn Musaviy tarafdorlari deyarli bir haftadan beri to’xtovsiz namoyishlar o’tkazib, saylovni qayta o’tkazishni talab qilyapti.

Xalqni tinchlanishga chaqirayotgan Xomeniy saylov natijasi yuzasidan shubha-gumonlar bo’lsa, ularni qonun asosida taftish qilamiz deydi. U G’arbni Eron ichki ishlariga aralashayotganikda aybladi.

“Saylov Eron dushmanlari istagan natijani keltirmadi. Bizga do’st mamlakatlar uchun esa bu tarixiy voqea”, - deydi Xomeniy. Tehron universitetida to’plangan omma “Amerikaga o’lim”, “Britaniyaga o’lim” kabi hayqiriqlar bilan uning so’zlarini olqishlagan.

“G’arb ommaviy axborot vositalarining tasvirlashicha, go’yoki amaldagi tuzum va unga qarshi bo’lgan kuchlar o’rtasida kurash ketmoqda. Aslida, prezident poygasida ishtirok etgan nomzodlar orasida tafovutlar bo’lsada, ularning barchasi Islom Respublikasiga sodiq”, - deydi Xomeniy.

XS
SM
MD
LG