Breaking News

BMT nazarida ayollar mohir tinchlikparvarlar


BMT 1945 yilda AQShning San Fransisko shahrida tashkil topgan. Bosh qarorgohi Nyu-Yorkda. Qo’shma Shtatlar BMT uchun eng ko’p mablag’ ajratadi.

Bu tashkilot yillik byudjetining 22 foizi, xalqaro tinchlik saqlovchilar uchun xarajatlarning 26 foizini Amerika qoplaydi.

Ikki davlatda urush olib borib, iqtisodiy tanazzulni boshidan kechirayotgan AQSh, oxirgi paytda BMTga rejadagidek pul ajrata olmayapti.

Biroq, deydi rasmiylar, 200 ga yaqin mamlakat a’zo bu tashkilot hamon eng ko’p yordamni bu davlatdan olmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining asosiy vazifalaridan biri dunyoda tinchlikni saqlash. To’rt qit’aning 18 joyida xizmat qilayotgan xalqaro kuchlar safini to’ldirib borish bugungi kunda juda mushkul.

Buning ustiga turli etnik va hududiy mojarolar tufayli tinchlikparvar qo’shinga talab tobora oshib bormoqda. BMT zobitlarni nafaqat erkaklar balki xotin-qizlar orasidan ham izlay boshlagan.

BMT tinchlik posponlari jahon bo’ylab, masalan Sudan va Livan singari notinch o’lkalarda xizmat qiladi. Ishni har doim ham eplay olmasa-da, ular mojaro nuqtalarida aholi uchun umid manbai. 100 ming pospondan 10 foizi ayollar.

BMT ularning sonini oshirmoqchi. Sabab faqat jinsiy tenglikda emas, balki tinchlikni saqlash yo’lida ayollar muhim rol o’ynab kelayotgani.

Komfort Lampti Nyu-Yorkda, BMT qoshida gender masalalari bo’yicha maslahatchi:

“Bilasizmi, Burundi va Liberiya kabi mamlakatlarda ayol posbonlar mahalliy xotin-qizlar hayotining osonlashishi uchun zamin yaratgan. Ayol zobitlar erkak zobitlarga qaraganda aholi bilan yaxshiroq ishlay oladi. Ularda mehr va shijoat kuchli”.

Urush paytida xotin-qizlar hayoti har jihatdan xavf ostida. Ularni qutqarishga borganlar ayol bo’lgani ma’qul.

Mana shu nazariya BMT Xavfsizlik Kengashini maxsus rezolyutsiya qabul qilishga undagan. Qarorga ko’ra, tinchlik saqlovchi kuchlar safida xotin-qizlarga ko’proq joy ajratilmoqda.

BMT qarorgohida bo’lib o’tgan xotira marosimida xizmatda halok bo’lgan ayol zobitlar alohida tilga olindi. Podpolkovnik Karmen Estrella bu insonlar haqiqiy posponlar deydi.

“Mojaro o’choqlarida odatda xotin-qizlar erkaklar ko’ziga tik qaray olmaydi. Bu zobit ayollar ularga madad beradi. Erkaklar zulmidan qo’rqqan xotin-qizlar bizning ayol askarlarimiz orqali dardini tushuntiradi,” – deydi Karmen Estrella.

Tinchlik ayol yoki erkak tanlamaydi. Hamma uchun bir shart.

“Ayol zobitlar erkaklar bilan yonma-yon tayyorgarlikdan o’tadi. Ular birdek bilim, tajriba va salohiyatga ega bo’lishi shart. O’q hammani birdek nishonga oladi axir. Ular erkaklar bilan teng ravishda xizmat qila olishi, hamma bir-biriga tayana olishi kerak”, - deydi Komfort Lampti.

Hozircha BMT tinchlikpar kuchlarida Gana, Janubiy Afrika, Nigeriya va Hindiston ayollari katta sonni tashkil etmoqda. Tashkilot boshqa a’zo davlatlardan ham xotin-qizlar qo’shiladi degan umidda.

XS
SM
MD
LG