Eron hukumati saylov natijalari o'zgarishsiz qoladi demoqda


Eronda davlatni idora etuvchi oliy organ - Inqilobiy Kengash 12 iyunda o'tgan prezident saylovlari natijalarini, muxolifat talab qilayotganidek, bekor qilmoqchi emas. "Saylov deyarli benuqson o'tgan", deydi kengash vakili Abbos Ali Kadxudoiy.

"Saylov tartibi bo'yicha shikoyatlar asosan ovoz berishdan oldin tushgan. Mahmud Ahmadinajodning prezidentlikka adolatli ravishda qayta saylanganiga shubha yo'q va Inqilobiy Kengash biror arzigulik muammo topgani yo'q", deydi Kadxudoiy.

Eronning 50 shahri bo'ylab 3 milliondan ziyod ortiqcha ovoz berilgan, ya'ni berilgan ovozlar ovoz berish huquqiga ega fuqarolar sonidan ko'p. Inqilobiy Kengash bu muammoni tan oladi, ammo uning nazarida bu saylovning umumiy natijasiga ta'sir qilmagan. Saylov ketidan boshlangan ommaviy namoyishlar keng tus olib, hukumat ularni kuch bilan bostirmoqda. 17 kishi halok bo'lgani ma'lum. 457 kishi qamoqqa olingan.

Prezident Obama tanqidchilari uning Erondagi vaziyatga nisbatan munosabatini yumshoq deya tanqid ostiga olar ekan, Oq Uy ma'muriyati rasmiylari prezident tutgan pozitsiyani himoya qilmoqda. Qo'shma Shtatlar Eronda namoyishchilarga qarshi zo'ravonlik ishlatilishiga qarshi, ammo mamlakatdagi siyosiy mojaro ortida Amerika turibdi degan tasavvur shakllanishini istamaymiz, deydi ular.

O'tgan shanba kuni prezident Obama televideniye orqali Tehron ko'chalaridagi vaziyatni sharhlab, Ahmadinejod hukumatini zo'ravonlikni bas qilishga, xalqiga nisbatan barcha adolatsizliklarni to'xtatishga va odamlarni so'z va uyushish erkinligidan mahrum qilmaslikka chaqirgan edi. Ammo Eronda namoyishchilar yanada kuchli bostirilar ekan, Oq Uy Obamaning bayonoti foyda bermaganini ta'kidlagan. Yanada keskinroq bayonot vaziyatni chigallashtirishi va AQShni Eron ichki ishlariga aralashayotgandek qilib ko'rsatishi mumkin, deydi Oq Uy rasmiylari.

Obamaning tanqidchilari, jumladan prezident saylovlaridagi raqibi, respublikachi senator Jon Makkeyn fikricha, Oq Uy yumshoq munosabati bilan Amerika negizidagi tamoyillarga hiyonat qilmoqda.

Davlat kotibi o'rinbosari Jeyms Staynbergning aytishicha esa, Obamaning bunday pozitsiyasini har ikki partiya vakillari qo'llab-quvvatlaydi.

"Nufuzli respublikachi va demokratlar masalaning yechimi eronliklar qo'lida deb aytgan. Obama zo'ravonliklardan xavotirda ekanini aniq bildirgan va hozircha shuning o'zi kifoya," deydi Staynberg.

Davlat kotibasi Xillari Klinton Erondagi vaziyatni yaqindan kuzatmoqda va boshqa davlat rasmiylari bilan muhokama qilmoqda, deydi AQSh rasmiysi.

Davlat departamenti matbuot kotibi Ian Kelliga ko'ra, Eron hukumati aybni AQShga to'nkab, jamoatchilik fikrini o'z tomoniga og'dirmoqchi.

"Qo'shma Shtatlarning Eron bilan so'z aytishish ishtiyoqi yo'q," deydi u.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Mun Eron hukumatini fuqarolariga nisbatan kuch ishlatmaslikka, muxolifat bilan tinch muloqot orqali va qonun doirasida til topishishga chaqirgan.

XS
SM
MD
LG