Breaking News

AQSh havo kuchlari Manas aerodromida qoladi


Qirg'iziston hukumati, to'rt oylik muzokaradan so'ng, AQSh harbiylarini "Manas" aerodromidan chiqarish qarorini bekor qilgan.

Evaziga Obama ma'muriyati ijara haqini uch baravarga ko'paytirmoqda.

AQSh va qirg'iz rasmiylarining aytishicha, yangi kelishuv bir yilga imzolandi va Afg'onistondagi vaziyatga qarab yana uzaytirilishi mumkin.

"Manas" bazasi orqali har oy 15 ming askar va 500 tonna mahsulot olib o'tiladi, ayniqsa Afg'onistonda qidiruv-qutqaruv operatsiyalarini amalga oshirishda muhim rol o'ynaydi. AQSh Afg'onistonga qo'shimcha askar jo'natar ekan, bu raqam keskin oshishi kutilmoqda. Vashington rasmiy Bishkek bilan yangi kelishuvga erisha olgani "katta yutuq" deb baholanmoqda.

Unga muvofiq, ijara haqi yiliga 60 million dollarga oshadi. Avval bu raqam 17.5 million dollar edi. Bundan tashqari aerodromni modernizatsiya qilish, infrastrukturasini yangilash uchun 36 million va Qirg'iziston iqtisodiy taraqqiyoti uchun 50 million dollarga teng ko'mak ajratilmoqda.

Qirg'iz rasmiylarining aytishicha, yangi kelishuv avvalgisidan keskin farq qiladi. Ammo mahalliy kuzatuvchilar nazarida, yangi bitimda baza xavfsizligi uchun javobgarlik Amerika harbiylari qo'liga o'tishidan boshqa biror sezilarli o'zgarish yo'q. "Manas" aerodromi bundan buyon "tranzit markazi" deb yuritila boshlaydi.

Yil boshida prezident Qurmanbek Bakiyev Kremldan 2 milliard dollarga teng yordam va'dasini olgach, "Manas"ni yopish qarorini Moskvada e'lon qilgan edi. Kremlning maqsadi Qo'shma Shtatlarni Markaziy Osiyodan siqib chiqarish, deydi tahlilchilar.

Bitim yangilanishida Rossiya qanday rol o'ynagani noma'lum. Kreml bilan til topishishga harakat qilayotgan prezident Barak Obama kelasi oy Moskvaga safar qiladi.

"Kommersant" gazetasi xabariga ko'ra, AQSh va Qirg'iziston erishgan bitim Rossiya uchun noxush yangilik bo'lgan. "Qo'shma Shtatlar va Markaziy Osiyo hamkorligi Rossiya manfaatlariga zid", deb yozadi gazeta hukumatdagi manbaga tayangan holda. Kreml hali munosib javob qaytaradi, deydi rasmiy.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida esa "Qirg'iziston AQSh bilan kelishuv imzolashga to'la haqli, bazadan asosan noharbiy yuk olib o'tiladi" deyilgan. Ammo "Nyu-York Tayms" gazetasining yozishicha, bitim matnida qanday yuk olib o'tilishi yuzasidan biror shart qo'yilmagan.


XS
SM
MD
LG