Obama Eron hukumatini tanqid qilmoqda


AQSh prezidenti Erondagi vaziyatni baholab, namoyishchilarga qarshi kuch ishlatilganini tanqid ostiga oldi. Ammo, deydi Barak Obama, saylov jarayonini kuzatishga imkon bo'lmagani uchun Qo'shma Shtatlar saylov natijalari borasida xulosa chiqara olmaydi.

"Qo'shma Shtatlar va xalqaro hamjamiyat so'nggi bir necha kun ichida Tehron ko'chalarida namoyishchilarning xavfsizlik kuchlari tomonidan kaltaklanishi va qamoqqa olinishidan tashvishda. Men bu harakatlarni qattiq qoralayman va Amerika xalqi nomidan halok bo'lgan har bir inson yaqinlariga ta'ziyamni bildiraman," deydi Obama.

Ba'zi respublikachi va demokrat qonunchilar Obamaning Tehrondagi voqealarga dastlabki munosabatini o'ta yumshoq deb tanqid qilgan edi. Ammo uning aytishicha, Qo'shma Shtatlar Eron ichki ishlariga aralashayotgandek ko'rinmasligi kerak.

"Men AQSh prezidenti sifatida mamlakatimiz xavfsizligini olg'a surish uchun mas'ul ekanman, boshqa davlatlarning vaziyatdan bizga qarshi foydalanishiga yo'l qo'ymayman," deydi Obama.

Erondagi Vasiylar Kengashi prezident saylovlari natijalarini bekor qilmoqchi emas va Mahmud Ahmadinejod ikkinchi muddatga prezident bo'ladi demoqda. Uning raqibi Mir Husayn Musaviy ovozlar soxtalashtirilgan deya, bir necha kun davomida Tehron ko'chalariga minglab odamlarni da'vat etgan edi.

"Saylovlarning qonuniyligi jihatidan ba'zi bir shubhalar bor va Eron hukumati o'z xalqi oldida buning uchun javob beradi degan umiddaman," deydi AQSh rahbari.

Eron Inqilobiy Gvardiyasi har qanday namoyishni bostirishini aytgan. Rasmiy manbalarda namoyishlarda 17 ga yaqin kishi halok bo'lgan deyiladi. Ammo guvohlar qurbonlar soni bundanda ko'p bo'lganini ta'kidlamoqda. Prezidentlikka nomzodlardan biri Mehdi Karrubi o'lganlar xotirasiga bir kunlik motam e'lon qilishni so'ramoqda.

Eron G'arbni namoyishlarni gijgijlatayotganlikda ayblamoqda. Rossiya Erondagi saylov natijalarini tan olishini ma'lum qilgan. Eron adliyasi tizimi vakillaridan biri Ibrohim Raisining aytishicha, namoyishlar paytida hibsga olinganlarga yaxshi saboq beriladi.

Obamaning Eron hukumati harakatlariga nisbatan keskin so'zlariga qaramay ba'zi qonunchilar uni tanqid qilishda davom etmoqda. Tanqidlar bor, ammo Obamaning kechagi bayonoti ba'zi respublikachilar, jumladan Vakillar Palatasidagi ozchilik sardori Jon Boner olqishiga sabab bo'lgan.

"Prezident tanqidini kuchaytirgani ijobiy hol, Eronga bosim qo'yishda davom etishimiz kerak," deydi u.

Vakillar Palatasi deyarli bir ovozdan Erondagi zo'ravonliklar, Internet va uyali aloqa kabi vositalar faoliyatiga to'siq qo'yilayotganini qoralab, rezolyutsiya qabul qilgan.

Senatorlar ham Obama nutqini baholamoqda. Demokrat Jon Kerri uni qo'llab-quvvatlab, Eronga nisbatan haddan tashqari keskin munosabat bildirish salbiy natija beradi demoqda.

Demokrat Nita Lovining aytishicha, AQSh qonunchilari Tehronda saylov erkinligi uchun kurashayotgan namoyishchilar bilan birdam.

Respublikachi kongressmen Mark Kirk Eronning 50 shahrida berilgan ovozlar saylovchilar sonidan ko'p ekani haqidagi xabarlarga ishora qilib, Eron hukumatini tanqid qilgan.

Yana bir respublikachi qonunchi Ileana Ros-Leytinenga ko'ra, jahon bo'ylab AQSh elchixonalari 4 iyul Mustaqillik kuni bilan Eron rasmiylariga yuborilgan taklifnomalarni qaytib olishi zarur. Ularning bayram tadbirida bo'lishi AQSh o'z xalqiga zulm o'tkazayotgan Eron hukumatini qo'llab-quvvatlayapti degan tasavvur yaratishi mumkin, deydi qonunchi ayol.

XS
SM
MD
LG