4 iyul bayrami Eron diplomatlarisiz o'tadi


Obama ma'muriyati 4 iyul Mustaqillik kuni munosabati bilan AQSh elchixonalarida o'tadigan bayram tadbiriga eronlik diplomatlarga yuborilgan taklifnomalarni bekor qilgan. Bu Eron hukumatining namoyishchilarga qarshi qo'llagan zo'ravonligiga javob, deydi Oq Uy matbuot kotibi Robert Gibbs.

Eron bilan muloqotni asta-sekin yo'lga qo'yishni maqsad qilgan Qo'shma Shtatlar uch hafta burun Eron diplomatlarini 4 iyulga bag'ishlangan qabul marosimiga taklif etgan edi. Taklifnomalarga hali javob olinmagan va endilikda ular o'z kuchini yo'qotgan, deydi Robert Gibbs.

Davlat departamenti matbuot kotibi Ian Kellining aytishicha, 4 iyul kuni Amerikaning ozodlik va mustaqillik kabi qadriyatlari nishonlanadi, Erondagi namoyishchilar ham shularni talab qilib ko'chaga chiqqan.

"Eron rasmiylarining bunday qadriyatlarni nishonlovchi tadbirga borishi to'g'ri bo'lmaydi," deydi u.

Eron Italiya hukumatining Katta Sakkizlik tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi doirasidagi muloqotga hamda Yevropa Ittifoqining Eron yadro dasturiga bag'ishlangan muzokaralarga takliflariga javob bermagan.

Avstriya poytaxti Venada joylashgan Xalqaro matbuot instituti Eron elchisi Ibrohim Shayboniyga maktub yo'llab, rasmiy Tehrondan muxbirlar va bloggerlarni ta'qib etishni bas qilishni hamda axborot oqimiga to'siq qo'ymaslikni talab qilgan.

XS
SM
MD
LG