Amerikada kelasi yil aholi qayta sanaladi


Kelasi yil AQShda aholi sanaladi. Jamoatchilik orasida tarqatiladigan so’rovnomada har bir shaxsdan irqiy kelib chiqishi, kasb, oilaviy hayot va yana ko’plab shaxsiy ma’lumotlar so’raladi.

Qonunga binoan Amerika aholisi har o’n yilda ro’yxatga olinadi. Qaysi shtatda qancha odam yashayotganiga qarab Vakillar Palatasiga muayyan hududdan qancha vakil saylanishi belgilanadi.

Qo’shma Shtatlar Aholini ro’yxatga olish byurosiga ko’ra, Nyu-York shahri aholisining 37 foizi xorijda tug’ilgan. 2000 yilda aholi ro’yxatga olinayotganida 55 foiz anketa to’liq to’ldirilgan edi xolos. Qolgan yarmi yaroqsiz yoki umuman qaytarilmagan. Bu esa, deydi byuro vakili Toni Farzing, aholi hayotini qiyinlashtiradi, chunki hukumat uning soniga qarab byudjetdan yordam ajratadi.

“Davlat ijtimoiy yordam uchun mablag’ ajratayotganida uni qanday qilib va kim uchun sarflashni bilishi kerak”, - deydi rasmiy.

Nyu-Yorkda immigrantlarlar masalasi bilan mashg’ul Gilyermo Linaresning aytishicha odatda AQShga yaqinda kelgan muhojirlar zarur anketalarni to’g’ri to’ldirmaydi. Bu esa butun muhojirlarga nisbatan e’tiborni pasaytiradi. Hukumat har bir immigrant haqida aniq ma’lumotga ega bo’lishi zarur, deydi mutaxassis.

“Kelajagimiz, farzandlarimiz kelajagini kafolatlash, ularni barcha kabi teng imtiyozlardan foydalana olishi uchun ham hammani ro’yxatga olish zarur. O’zim muhojirman va bu diyorga ota-onam yetisha olmagan orzularni ro’yobga chiqarish uchun kelganman. Menga o’xshagan millionlab muhojirlar ham ana shunday orzu-niyatlarga ega”,- deydi Linares.

Biroq muhojirlar shaxsiy ma’lumotlarni oshkor etmasligining sabablari talaygina. Aksariyati Amerikaga noqonuniy yo’llar bilan kelgani sabab buni ochiq aytishga va tan olishga haddi sig’maydi, jazolanishdan qo’rqadi. Ayrimlar esa shunday davlatlardan kelganki, u yerda hukumatga umuman ishonch yo’q. Yangi jamiyatga o’rganish uchun vaqt kerak.

Biroq, deya ta’kidlaydi Aholini ro’yxatga olish byurosi vakili Allison Sinak, shaxsiy ma’lumotlar federal qonunlar tomonidan himoyalangan. Kimda-kim o’z xizmatchisi haqida shaxsiy ma’lumotlarni ruxsat yoki rasmiy ijozatsiz tarqatsa, 250 ming dollar jarima va besh yil qamoq jazosiga mahkum etiladi.

“Odamlar hukumat ular haqida berilgan ma’lumotni sir tutishiga ishonishi kerak. Matbuot va ommaviy axborot vositalaridan ana shuni targ’ib qilish uchun yordam so’rayapmiz”,- deydi Sinak.

Ana shu maqsadda byuro tomonidan 14 tilda yozilgan reklamalar jamoatchilikka tarqatilmoqda. Rost va haqiqiy ma’lumotni berishdan qo’rqmang, deydi rasmiylar.

Amerika muhojirlardan iborat jamiyat. 2010 yilda aholidan olingan ma’lumotlar uning bugungi qiyofasi haqida yanada oydinroq axborot bersa ajabmas.

XS
SM
MD
LG