Qonunchilar Pokistonga berilgan pul nazorat qilinsin demoqda


Qo’shma Shtatlar Pokistonga harbiy-iqtisodiy ko’makni uch karra oshirishni mo’ljallar ekan, qonunchilar uning belgilangan maqsadlarga sarflanishini qattiq nazorat qilishni so’ramoqda.

Kongressda ko’rilayotgan loyihada Pokiston iqtisodiy ravnaqi va adliya tizimini mustahkamlash uchun yiliga 1.5 milliard dollar ajratish ko’zlangan. Harbiy ko’mak olish uchun Pokiston ekstremizmga qarshi kurashga jiddiy kirishganini isbotlashi lozim.

Prezident Barak Obamaning Afg’oniston va Pokiston bo’yicha maxsus vakili Richard Xolbruk yaqinda mintaqaga safaridan quyidagi muhim xulosa bilan qaytdi: Pokiston jamoatchiligi orasida Tolibonga xayrixohlik yo’qolib, hukumatga ishonch orta boshlagan.

Armiya mamlakat shimoli-g’arbidagi qabilaviy hududlarni jangarilardan tozalash harakatida ekan, ikki million odam uy-joyini tashlab ketgan. Xalqaro hamjamiyat, deydi Xolbruk, himmat kamarini bog’lab ularga yordam qo’lini cho’zsin.

“Qochqinlar uyiga, normal hayotga qaytishi uchun ularga sharoit yaratib berish zarur. Buning bosh sharti xavfsizlik”, - deydi Xolbruk.

AQSh elchisi nazarida Pokiston siyosatini tebratuvchi uch asosiy guruh o’zaro ziddiyatlarni chetga surib, umumiy dushmanga qarshi kurashga bel bog’lagan.

“Prezident Osif Zardariy boshchiligidagi Pokiston Xalq Partiyasi, muxolifat yetakchisi Navoz Sharif va harbiylar dushman bir ekanini anglab, bir yoqadan bosh chiqarmoqda”,- deydi Xolbruk.

AQSh rasmiysi fikricha Pokistonda terrorizm urug’ini quritmasdan Afg’onistonda tinchlikka erishib bo’lmaydi. Yaqinda Afg’onistonda o’tkazilgan ommaviy so’rov natijasiga ko’ra, aholi Tolibonga qarshi, ammo hukumatga bo’lgan ishonch ham juda past.

Har ikki mamlakatda iqtisodiy-siyosiy islohotlarga pul ajratayotgan AQSh Kongressining ayrim a’zolari mablag’ xalqqa naf keltiruvchi aniq loyihalarga sarflansin deb shart qo’ymoqda.

“Afg’oniston va Pokiston kabi korrupsiya chuqur oldiz otgan jamiyatlar illatlarga to’la”, - deydi kongressmen Mayk Koffman, ko’makni muayyan talab-shartlar asosida berish kerak deb chiqayotgan qonunchilardan biri.

Demokrat qonunchi Jo Tirnining aytishicha, rasmiy Islomobod AQShdan ekstremizmga qarshi kurashyapmiz deb 2001 yildan beri 12 milliard dollar harbiy yordam olgan. Amerikalik soliq to’lovchilar pul qayerga ketayotgani va qanday samara berayotganini bilishga haqli.

Qonunchilar taklif etayotgan shart oddiy: AQSh prezidenti har yili Kongressga Pokiston terrorga qarshi kurashda Amerika bilan yetarlicha hamkorlik qilyapti deb hisobot berishi zarur.

Kongress a’zolari Afg’onistonda oddiy odamlar hayotiga zomin bo’layotgan havo hujumlarini kamaytirish qaroridan mamnun. AQShning yangi qo’mondoni Stenli Makkristal yaqinda shunday ko’rsatma bergan.

Pokiston armiyasi ekstremist kuchlar manzili sanalmish Janubiy Vaziristonda havo hujumlarini davom ettirmoqda. Tolibon safida yuzlab o’zbek jangarilari bor ekani ta’kidlanadi. Bosh vazir Yusuf Rizo G’iloniy “armiyamiz hududni terroristlardan tozalaydi” deb AQShdan hujumlarga aralashmaslikni so’ragan. Ammo davlat Vashington ko’magiga muhtoj.

XS
SM
MD
LG