Breaking News

Pop musiqa qiroli Maykl Jekson abadiyatga yo'l oldi


Maykl Jekson 25 iyun kuni yurak xurujidan jon bergan.

Muxlislar jahon bo’ylab motamda. U qoldirgan madaniy va ijtimoiy meros muhokamada.

Amerikaliklar Jeksonni ko’zda yosh, muhabbat va o’kinch bilan eslamoqda.



Maykl Jeksonning hayotini ba’zilar mashhurlik va yolg’izlik kabi iboralar bilan ta’riflaydi.

Milliardlab muxlis va ulkan mol-dunyo orttirgan xonanda o’z shon-shuhrati asiri edi.

AQShning Indiana shtatida dunyoga kelgan Maykl to’qqiz farzanddan biri edi. U to'rt inisi bilan ansambl tuzib, besh yoshida katta sahnaga chiqadi.

Guruh 1964-1981 yillar oralig’ida 100 milliondan ziyod to’plam sotishga muvaffaq bo’ladi.

Mayklning o’zi o’sha yillar haqida shunday der edi:

“Menga o’xshab voyaga yetsangiz, besh yoshdan boshlab millionlab muxlislar ko’z o’ngida ulg’aysangiz, hayotingiz tubdan o’zgarar ekan. Bolaligim bo’lmadi, hisob. Avval boshdanoq og’ir mehnat, tinimsiz kurash, moddiy va professional muvaffaqiyat haqida o’ylashga majbur edim. Bu shon-shuhrat menga qimmatga tushdi”.

Maykl 1972 yilda yakkaxon xonanda sifatida “Got To Be There” to’plamini taqdim etadi.

U kompozitor, qo’shiqchi, raqqos, xoreograf va prodyuser sifatida nom qozona boshlaydi.

1982 yilda chiqqan “Thriller” musiqiy to’plami insoniyat tarixida misli ko’rilmagan muvaffaqiyat qozonib (45 million nushada sotilgan), Jeksonni xalqaro yulduzga aylantiradi.

1983 yilda "Motown Records" kompaniyasining 25 yilligi nishonalanayotgan paytda Maykl Jekson mashhur raqsini ilk bor ijro etib, ommani lol qoldiradi.

1985 yilda xonanda Afrikada ochlikka qarshi kurash kampaniyasini tashkil qilishda yordam berib, “We Are The World” qo’shig’ini bastalaydi.

Maykl Jekson boshqalardan uzoqda, o’z dunyosida yashashni ma’qul ko’rar edi. Kaliforniyadagi “Neverland” dala hovlisida san’atkor bolalar dunyosini yaratadi; uning eshiklari bolalar, yordamga muhtoj go’daklar uchun hamisha ochiq edi. Maykl Jekson shu tariqa o’z bolaligini qaytarishga harakat qilgan.

“Bolalardan o’rnak olsak bo’ladi. Ulardagi beg’uborlik, ishonch va hayrat dunyoni jamiki illatlardan xalos etadi. Bunga ishonaman”, - der edi Maykl Jekson.

1996 yilda jahon bo’ylab qilgan ijodiy safari uning oxirgi muvaffaqiyati edi. 82 kun davom etgan konsert safarini besh milliondan ziyod odam tomosha qilgan.

Xonanda ikki bor uylangan va undan uch farzand qoldi.

Maykl Jekson 30 yildan oshiq davr mobaynida yer yuzining eng mashhur artisti sifatida sahnadan tushmadi.

Oxirgi yillarda ijodi ancha to’xtab qolgan bo’lsa-da, uning musiqiy, xoreografik va shaxsiy stili nafaqat estrada va Gollivud balki butun jahon madaniyatining ajralmas qismiga aylandi.

XS
SM
MD
LG