Breaking News

Leykemiya - oqqon kasalini davolashda yangi yutuqlar


So’nggi paytda leykemiyani davolashda ancha muvaffaqiyatlarga erishildi, yangi dori-darmonlar paydo bo’ldi.

Amerika ilm maskanlarida leykemiyaning o’tkir turlarini aniqlash, muolaja va kasallikning oldini olish borasida yuzlab tadqiqotlar ketmoqda.

Olimlarning aytishicha, negiz hujayra transplantatsiyasi inson hayotini asrab qolishi mumkin.

Rendal Bernxam ikki haftadan buyon betob. Shifokorlar unda leykemiya alomatlarini aniqlagan.

“O’zimni shunchalik yomon his qilganimdan nima bo’lganini ham tushunmay qoldim”, - deydi bemor. Shifokorlar unga ikki kunlik umring qoldi deyishgan.

Rendall leykemiyaning o’tkir va xronik turi – miyelom kasalligiga chalingan. Oddiy qilib aytganda qon va ilik saratoni. Organizmda shunchalik tez tarqalidiki, bemor bir necha oy ichida hayotdan ko’z yumishi hech gap emas. Agar ximioterapiyadan o’tmasa.

Doktor Jon Koretning aytishicha, leykemiyaga qarshi kurashda kimyoviy preparatlar turli kombinatsiyalarda qo’llanadi. Ilik va qonni tozalash uchun. Ammo ximioterapiya rak hujayrasini tag-tomiri bilan yo’q qila olmaydi. Saraton qaytishi ham mumkin.

Bemor muolajadan qanchalik sog’aygani hamda leykemiyaning qaytish ehtimolini xromosomalarga qarab bilish mumkin.

Analizlar ijobiy natija berganida, odatda kimoviy terapiyaning o’zi yetarli. O’tkir turini davolashda esa bemorni qunt bilan parvarishlash, hatto negiz hujayrani ko’chirishga to’g’ri keladi. Ammo shifokorlar shu paytgacha bemorlarning uchinchi – o’rta kategoriyasini qanday davolash yuzasidan tortishib kelgan.

Doktor Koret hamkasblari bilan bir qancha tadqiqotlar natijasiga nazar soldi. Uning xulosa qilishicha, donordan olingan sog’lom hujayra bemor umrini uzaytirishi mumkin. Aynan Rendal Bernxam misolida, unga mos keladigan donor topildi.

“Oila a’zolarim, aka-singillarimni birma-bir tekshirib ko’rishdi. Buni qarangki, negiz hujayralar bir-biriga yaqin, lekin menga to’g’ri keladigani singlim bo’lib chiqdi. Xullas u menga donorlik qildi”, - deydi bemor.

Muolaja o’tkazilgach, mana ikki yildirki xastalik belgilari ortga chekingandek. Ehtimol bu usul kasallikning shakli, bosqichiga qarab boshqa bemorlarni davolashda ham qo’l kelar.

Albatta, negiz hujayra transplantatsiyasi asoratsiz emas. Organizmning infeksiyalarga qarshilik salohiyati pasayadi. Muhimi ehtiyotkorlik. Shifokorlarning aytishicha, har holda muolajaning foydasi uning zararli jihatlaridan ustun.

XS
SM
MD
LG