Breaking News

O'zbekiston nega iqtisodiy integratsiyadan chetda qolmoqda?


2010 yildan boshlab Belarus, Rossiya va Qozog’iston o’rtasida bojxona ittifoqi ishga tushishi kutilmoqda. Hamkorlik shartlari hali oydin emas. Ammo mutaxassislar bu a’lo tashabbus demoqda. Yangi blok Rossiya qaramog’ida bo’ladi.

O’zbekistonda bu ittifoqqa nisbatan fikrlar qanday?

Ekspertlar nazarida Belarus, Rossiya va Qozog’iston shu paytgacha sobiq ittifoq hududida tuzilgan eng mukammal hamkorlik doirasi bilan chiqmoqda.

“Bu ittifoq a`zo davlatlarga ancha qulayliklar beradi. Tovar harakatlanishi va xizmat ko`rsatish bo`yicha chegaralar yo`qoladi”, - deydi tahlilchi Rashid Taymurov.

Bojxona ittifoqiga kiruvchi davlatlar Jahon Savdo Tashkilotiga kirish uchun birgalikda muzokara olib borishga ham kelishishgan. Lekin bu tashkilotga guruh sifatida emas, alohida mamlakat sifatida a’zo bo’linadi xolos.

Bojxona Ittifoqiga kelajakda mintaqaning boshqa davlatlari ham qo`shilishi mumkin. Qirg`iziston va Tojikiston bunga hozir ekanini bildirgan.

Sharhlovchi Fayzulla Isxoqov fikricha O`zbekistondan ham ildamroq harakat qilishi, yakkalanmay, mana shunday foydali guruhlarga kirishi kerak.

“Ozbekistonni kemirib yotgan narsa bu korruptsiya. Shuning uchun ham erkin bojxona hududiga kirmoqchi emas. Chegarada qancha qiyinchilik bo`lsa, o`sha tepada o`tirgan guruhlarning cho`ntagi shuncha pulga to`lib boradi. Hozirgi vaziyat aynan shu doiralar manfaati uchun xizmat qilayapti. Qani erkin bo`lsa… Odamlar qishloq xo`jaligi mahsulotini yetishtirayapti. Shularni olib chiqib Qozog`istonga, Qirg’izistonga sotsa, pulini esa ro`zg`origa ishlatsa”, - deydi Isxoqov.

Rashid Taymurov esa O`zbekistonning hozirgi iqtisodiy siyosati jahon bozori talablariga javob bermaydi.

“Bu ittifoq O`zbekistonga ancha imkoniyatlar berishi mumkin edi, lekin bu davlat iqtisodi proteksionizmga asoslangan. Bojxonadagi to`siqlardan tortib, to`lovlar va soliqlar haddan ortiq yuqori. Hukumat bularning hammasidan voz kechib, iqtisodiy siyosatni qayta ko`rib chiqadi deb ishonish qiyin”, - deydi u.

Shunday ekan, deydi mutaxassis, O`zbekiston hali-beri Jahon Savdo Tashkilotiga ham kira olmaydi.

Ayrim tahlilchilar ta’biricha Rossiyaning bojxona ittifoqi tuzish haqida bir to`xtamga kelishi siyosiy maqsadlardan xoli emas. Rossiya, deydi ular, turli bloklar yaratib, bu tashkilotlar orqali siyosiy nufuzi va ta’sir maydonini kengaytirish, mustahkamlash bilan ovora.

XS
SM
MD
LG