Pokiston: Baytulloh Mas'ud uchun 615 ming dollar


AQSh generali Deyvid Petreus Islomobodda muzokaralar olib borarkan, Tolibonga qarshi janglar ketayotgan mintaqa - Janubiy Vaziristonda bir masjidda namoz paytida granata hujumidan uch kishi o’lgan va yetti nafari jarohatlangan. Xurujda Tolibon ayblanmoqda.

Jangarilar qabilaviy kuchlar bilan to’qnashib, 15 tolib va ikki fuqaro halok bo’lgani haqida xabarlar bor.

Bugungi harbiy harakatlarda yana bir necha jangari yo’q qilingan. Pokiston hukumati Tolibon qo’mondoni Baytulloh Mas’udni tutishga yordam berganlarga 615 ming dollar mukofot puli berishga tayyor.

Baytulloh Mas’ud nafaqat Tolibon, balki Al-Qoidaning Pokistondagi bosh qo’mondoni sifatida ko’riladi. Bu davlatning shimoli-g’arbida, Afg’oniston bilan chegaradosh hududlarda harakat qilayotgan barcha jangarilar, xususan O’zbekiston Islomiy Harakati a’zolari ham uning qo’li ostida ekani ma’lum. Amerika Baytulloh Mas’ud uchun besh million dollar taklif etmoqda. Mukofot puli va’da qilish bilan ish bitmaydi, hukumatlar shaxdamroq harakat qilishi kerak, deydi yaqingacha bu hudud xavfsizligi uchun javobgar bo’lgan Mahmud Shoh.

“Osama bin Ladin uchun ham bir dunyo pul beramiz deyishadi, lekin shu paytgacha biror foydali ma’lumot yig’ilganini bilmaymiz. Maxfiy va harbiy harakatlarni kuchaytirish kerak. Izchil operatsiya bilan chiqish kerak”,- deydi Pokiston shimoli-g’arbidagi qabilaviy hududlar bilan yaqindan tanish Mahmud Shoh.

AQSh esa Pokistonning bugun Tolibon va al-Qoidaga qarshi ko’rayotgan chora-tadbirlaridan mamnun. Shu paytgacha, deydi rasmiylar, Pokiston bu qadar keng-qamrovli kurash boshlamagan.

Yaqin kunlar ichida 1600 jangari va ularning manzillari yo’q qilingan, qabilalar bilan hamkorlik yo’lga qo’yilgan. Lekin na Tolibon, na al-Qoida yetakchilari qo’lga olingan. Bu esa kurash hali uzoq davom etishidan dalolat, deydi rasmiylar.

Boshqalar nazarida esa ekstremizmni yengish uchun xalq hayotini yaxshilash, iqtisodiy yordam berish, hududni rivojlantirish, zamonaviy maktablar ochish, ta’limga e’tiborni kuchaytirish kerak.

XS
SM
MD
LG