Breaking News

Isroil mintaqa rahbarlari bilan yaqinroq muloqot qilishga urinmoqda


29 iyun kuni Bokuda Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev bilan muzokara qilgan Isroil prezidenti Shimon Peres Qozog'istonga ham safar qildi.

Sharhlovchilar Isroil prezidentining mintaqaga safarini so’nggi siyosiy o’zgarishlarga bog’laydi.

“AQShning yangi prezidenti Barak Obama yangicha siyosat yuritayapti. Bu siyosatga ko`ra Isroil Falastin davlatining yuzaga kelishiga qarshilik qilmasligi va Falastin yerlarini bo’shatishi va bu hududlarda qurilishlarni to`xtatishi kerak. Bosh vazir Benyamin Netanyaxu va prezident Shimon Peres bu vaziyatda yangi imkoniyatlar izlamoqda. Bu yo`llardan asosiysi musulmon mamlakatlari bilan munosabatlarni yaxshilash, bordi-keldini yo`lga qo`yishdir. Peresni Ozarbayjon ham, Qozog’iston ham juda yaxshi kutib oldi”, - deydi tahlilchi Komron Aliyev.

Ozarbayjon matbuotida yoritilishicha Peres tashrifi ancha qarshilikka uchragan. Eron norozilik sifatida Ozarbayjondan elchisini chaqirib olgan. Ozar ziyolilari Isroil siyosatini qoralab, prezidentning Peresni qabul qilganiga e`tiroz bildirgan.

Ilhom Aliyev va Shimon Peres energetik hamkorlik haqida gaplashgan. Isroil Ozarbayjon bilan ko’p sohada birga ishlab keladi va bu Tog’liqorabog’ mojarosi bo’yicha Ozarbayjon pozitsiyasini quvvatlaydi.

Isroil prezidenti Qozog`istonda Nursulton Nazarboyev bilan uchrashuvda Yaqinsharqdagi vaziyat bo`yicha fikr almashilgan.

Qozog`iston prezidenti bu mojaroni qurol bilan hal etib bo`lmasligini, bu borada AQSh prezidenti tomonidan ko`tarilgan tashabbusni qo`llab- quvvatlashini bildirgan.

Qozog`iston prezidenti, shuningdek, Isroilni Yaqinsharqdagi muhim deb atagan.

“Mintaqada Qozog`iston va O`zbekiston Isroilga ancha yaqin. Lekin Netanyaxu hozir agressiv siyosat yuritayapti. Bundan keyin ham shunday davom etsa, vaziyat yaxshilanmaydi. Peresning bu paytda mintaqaga kelgani asosan hukumatlarning kim tomonda ekanini bilish. Mintaqa islomiy emas, dunyoviy ammo aholi asosan musulmonlardan iborat”, - deydi sharhlovchi Fayzulla Isxoqov.

Mutaxassislar nazarida Isroil Kavkaz va Markaziy Osiyo davlatlari bilan ancha mustahkam rishtalarga ega, faqat bu aloqalar kamtarona tusda va ortiqcha namoyish qilinmaydi.

Masalan O’zbekiston, deydi ziyolilar, Isroil bilan qalin do’st va bu davlat bizneslari respublikadan uzoq yillardan beri ish yuritib keladi.

“Toshkent markazida yahudiylarning sinagogi qurilayapti. Yahudiylarning ko’pi mamlakatdan chiqib ketgan, lekin munosabatlar juda iliq”, - deydi Fayzulla Isxoqov.

O`zbekiston va Isroil o`rtasida qishloq xo`jaligi bo`yicha ham hamkorlik yo`lga qo`yilgan. Bu sohada Isroil tajribasi sinovdan o`tkazilmoqda.

Biroq jamoatchilik orasida Isroilga nisbatan qarshilik kuchli ekani ko’zga tashlanadi. Odamlar, ayniqsa diniy doiralar Isroilni Falastin yerlarini egallab olgan “bosqinchi”, musulmonlar uchun muqaddas joylarni o’ziniki qilib olgan “sun’iy davlat” sifatida ko’radi.

Mutaxassislar fikricha O’zbekistonning Isroil bilan yaxshi aloqada ekani uning arab davlatlari bilan munosabatlariga salbiy ta’sir qilayotgan bo’lishi mumkin.

O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroilning G’azo sektoridagi so’nggi urushini bas qilishga undab, tomonlarni muzokara qilishga chaqiruvchi bayonot tarqatgan edi.

XS
SM
MD
LG