Breaking News

Admiral Myullen Afg'onistonda g'alabaga ishonadi


AQSh qurolli kuchlari bosh shtabi raisi admiral Mayk Myullen Obamaning yangi strategiyasi doirasida Afg'onistonda ish uslubini o'zgartirmoqda. Yaqinda AQSh va NATOning Afg'onistondagi qo'mondoni yangilandi. Myullen Yevropaga safari chog'ida Amerika Ovozi radiosiga intervyu berib, yangi strategiyani tushuntirdi.

AQSh admirali Mayk Myullen prezident va mudofaa vaziriga harbiy masalalar bo'yicha maslahat beradi. Jahon bo'ylab AQSh harbiy operatsiyalariga ko'z-quloq bo'lib davlat xavfsizligi manfaatlariga doir ahvolni yaqindan kuzatadi.

"Yosh yigit-qizlarimiz o'z xalqi va vatani uchun jonini fido qilmoqda. Ularning ishiga ko'mak beradigan qarorlar qabul qilishimiz kerak. Ularning vatanparvarligi meni ruhlantiradi," deydi Myullen Amerika ovozi bilan suhbatda.

62 yoshli admiralni ayni damda Afg'oniston va unga qo'shni Pokistondagi ahvol ko'proq tashvishga solmoqda.

"Agar kelasi bir-bir yarim yil ichida Afg'onistondagi vaziyatni o'nglay olmasak, keyin hech narsani uddalay olmaymiz. Biroq ulguramiz degan umiddaman. Iroqdagi urushdan ko'p saboq oldik," deydi admiral.

Saboqlardan biri isyonchilarga qarshi kurashda avvalambor tinch aholi xavfsizligini ta'minlash kerak, ayniqsa jangarilar aholi punktidan turib hujum uyushtirayotgan bo'lsa. Ammo buning uchun, deydi Myullen, ikki baravar ko'p harbiy kerak. Yangi strategiyaga ko'ra, Afg'onistonga 21 ming qo'shimcha askar safarbar etilmoqda.

"Agar ishni to'g'ri yo'lga qo'ymasak, tinch aholini o'qqa tutaversak, g'alaba qila olmaymiz," deydi u.

Yaqinda AQShning Afg'onistondagi qo'mondoni almashib, general Stenli Makkristal tayinlandi. Unga operatsiya vaqtida aholi talofatlarini cheklash vazifasi yuklangan. Tez orada jangda harbiy havo kuchlaridan foydalanishning yangi qoidalari ma'lum qilinadi.

Afg'onistonda g'alabani qo'lga kiritish uchun xalq ishonchini qozonish kerak, deydi admiral Myullen.

"Strategik jihatdan mag'lubiyatga yetaklovchi taktik yutuqdan foyda yo'q," deydi u.

Uning aytishicha, harbiylarni yangicha usulda jang qilishga tayyorlash kerak, koalitsiya tarkibidagi mamlakatlar mutaxassislari harbiy operatsiyalarni rejalashtirayotganda tinch aholi xavfsizligini hisobga olishi lozim.

May oyida g'arbdagi Faroh viloyatida AQShga qarashli samolyotning toliblar yashiringan imoratga zarba berishidan 26 kishi, aksariyati tinch aholi vakillari o'lgan. Admiral Myulenning aytishicha, AQSh tomonidan o'tkazilgan taftish xulosasiga ko'ra afg'on askarlari hujumni puxta rejasiz amalga oshirgan. So'ng amerikalik harbiylarni madadga chaqirib, imorat ichida kim borligini aniq bilmasdan havodan zarba berishni so'ragan.

Mayk Myullen fikricha aholi xavfsizligini ta'minlash harakatida AQSh askarlarining hayoti kattaroq xavf ostida bo'ladi, biroq, deydi u, uzoq muddatda bu afg'on xalqi ishonchini qozonishga va urushni tezroq tugatishga yordam beradi.

XS
SM
MD
LG