Barak Obama qo'shinlarning chiqarilishini olqishlamoqda


AQSh prezidenti Barak Obamaning aytishicha, qo'shinlarning Iroq shaharlaridan o'z vaqtida chiqarilishi juda muhim voqea. Zo'ravonliklarga qaramay mamlakat asta-sekin barqarorlashadi, deydi u.

"Iroqliklar bu kunni bayram qilishga haqli. Ular uchun bu katta qadam. Suveren va birlashgan Iroq taqdirini o'z qo'liga olmoqda," deydi Obama.

Uning aytishicha, kattaroq yutuqlarga mas'uliyatni his etgan holdagina erishish mumkin.

"Iroq kelajagi o'z xalqi qo'lida. Rahbarlari siyosiy muammolarni hal qilish, xalq uchun imkoniyatlarni kengaytirish, shahar va qishloqlar xavfsizligini ta'minlash yo'lida astoydil harakat qilishi lozim," deydi Obama.

"Kelajak bunyodkorlarniki, buzg'unchilarniki emas. Tarix Iroqda nifoq solishga va fuqarolik urushini keltirib chiqarishga harakat qilgan kuchlarni qoralaydi," deydi AQSh rahbari.

Ikki tomonlama shartnomaga ko'ra, Qo'shma Shtatlar barcha jangovar qismlarini kelasi yil sentyabrigacha, qolgan barcha kuchlarni esa 2011 yil oxirigacha chiqarishi lozim.

AQSh qo'mondonlari Iroq xavfsizlik kuchlari shaharlarni nazorat qila olishiga ishonch bildirmoqda. Obama ma'muriyatining Iroq bo'yicha siyosati bilan bundan keyin vitse-prezident Jo Bayden shug'ullanadi, deydi Oq Uy matbuot kotibi Robert Gibbs.

Iroq Bosh vaziri Nuri al Malikiy AQSh qo'shinlarining tark etayotganini katta g'alaba deb atagan. Ammo aynan shu kuni Kirkukdagi bozorda kuchli portlash bo'lib, 33 kishi o'lgan, 90 dan ziyodi yaralangan.

XS
SM
MD
LG