AQSh: Aloqalar faqat harbiy sohada bo'lmaydi


Qirg’iziston va O’zbekiston Afg’onistondagi xalqaro koalitsiyaga noharbiy yuk yetkazishda yordam berayotgani Vashingtonda mamnuniyat bilan tilga olinadi.

Ammo mintaqa bo’ylab Amerika asosiy diqqatini yana harbiy hamkorlikka qaratmoqda degan xavotir hukmron.

Yoshlar Qo’shma Shtatlarga imkoniyatlar diyori deb qaraydi, ammo bu davlatga o’qish yoki tajriba oshirish uchun borish O’zbekistondek yirik jamiyatlarda yanada qiyinlashgan.

Qirg’izistonda esa jamoatchilik o’zini demokrat deb ataydigan prezident Kurmanbek Bakiyevdan xafsalasi pir bo’lgan. Bakiyev Rossiyaning balandparvoz va’dalari-yu Vashingtonning millionlab dollarlik taklifiga uchib, mamlakat rivoji uchun emas, o’z hokimiyatini saqlab qolish uchun ko’proq ter to’kayapti degan nolalar yangramoqda.

Muxolifat nazarida Bakiyev va uning atrofidagilar korrupsiya botqog’ida va G’arbdan kelgan pul ular cho’ntagiga ketmoqda. Manas aerodromidan foydalanish uchun AQSh uch baravar ko’proq haq to’lashga tayyor. Baza bir mingga yaqin mahalliy ishchiga ega.

Erika Marat singari qirg’izistonlik mutaxassislar Bakiyev agar haqiqatda xalqi uchun kuyunganida AQShdan faqat naqd pul emas, keng qamrovli yordam, sarmoya so’ragan bo’lardi deydi.

Pentagon va NATO Termiz bazasi va Navoiy aeroportidan ham qo’llanmoqda.

O’zbekistonda ayrimlar “Amerika buning evaziga bizga nima taklif qiladi”? deb so’ramoqda.

“Afg’oniston alanga ichida ekan, xavfsizlik va harbiy hamkorlikdan har ikki tomon birdek manfaatdor”, - deydi AQShning Markaziy Osiyo bo’yicha yangi bosh diplomati Robert Bleyk (Robert Blake) "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

“Bir narsani aniq aytaman, munosabatlar faqat harbiy aloqalar bilan cheklanib qolmaydi. Ko’p-yo’nalishli hamkorlik ustida bosh qotirayapmiz”,- deydi rasmiy.

“Ayni damda Afg’onistonda tinchlikni ta’minlash dolzarb masala. Shu bois uning qo’shnilari bilan asosan xavfsizlik borasida gaplashayotganimiz tabiiy”,- deydi Robert Bleyk.

Diplomatning aytishicha Amerika mintaqada hamisha ko’p-qirrali siyosat yuritib kelgan: iqtisoddan tortib, ta’lim va sog’liqni saqlash sohalarigacha.

“Gaz va neft boyliklarini jahon bozoriga olib chiqishda yordam beramiz. Iqtisodiy, ijtimoiy taraqqiyot deysizmi, har jihatdan bu xalqlarga madad berishni istaymiz”,- deydi u.

Qars ikki qo’ldan chiqadi. AQSh bilan munosabatlar mamlakat undan nima so’rayotganiga ham bog’liq deya eslatadi yaqingacha Davlat departamentida mintaqa uchun mas’ul bo’lgan Evan Feygenbaum (Evan Feigenbaum).

"Vashington",- deydi sobiq diplomat, "O’zbekiston yoki Qirg’iziston singari davlatlar bilan yaqindan ishlashni, ularni qiynayotgan muammolar yechimi uchun o’z hissasini qo’shishni istaydi".

Evan Feygenbaum fikricha o’zaro ishonch past. Hamkorlik shartlari ko’p hollarda chetda qolib ketadi. Tomonlar uzoq muddatni ko’zlamay, bugunning manfaatlari bilan cheklanib qoladi.

Yana bir muhim masala bu AQShga tegishli tashkilotlarning mintaqada faoliyat yuritish qiyinlashganidir. Ko’mak asosan ular orqali yetkaziladi, dastur va loyihalarni amalga oshiradi.

Rasmiy cheklovlar qo’yilgani sabab, deydi mutaxassislar, Kongress Markaziy Osiyoga beriladigan yordam miqdorini o’tgan yillarda keskin kamaytirgan.

2000-2005 yillar orasida yuzlab millionni tashkil etgan bo’lsa, o’tgan yili O’zbekistonga berilgan ko’mak miqdori 10 million dollarga ham yetmagan.

Respublika rasmiylari Vashington bilan aloqalar iliqlashayotganidan xursand, biroq buning xalq hayotiga qanchalik ijobiy ta’sir qilishi shubha ostida.

Faollar fikricha Amerika rahbariyat emas, jamiyat dardiga quloq tutishi lozim.

Diplomatlar esa “buning uchun avval rasmiy muloqotni tiklab olish kerak” deydi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG