R. Nektalov: Buxoro yahudiylari tarixiy vatanni unutmagan


Shu hafta Isroil prezidenti Shimon Peres Ozarbayjon va Qozog'istonda bo'lib, Isroilning mintaqaga qiziqishini yana bir bor namoyish etgan. Ma'lumki, yahudiy davlati Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan azaldan ijobiy aloqalarga ega. Bunga Isroil va AQShda yashayotgan Buxoro yahudiylari ham hissa qo'shmoqda.

Nyu-Yorkda chop etiladigan "Buxarian Tayms" gazetasi bosh muharriri, asli samarqandlik Rafael Nektalovning aytishicha, ikki tomonlama aloqalar negizida mintaqa xalqlarining yahudiylarga nisbatan azaliy iliq munosabatlari yotadi.

"O'z boshidan Xolokost va anti-semitizmni o'tkazgan Rossiya va Yevropa yahudiylaridan farqli o'laroq Markaziy Osiyo yahudiylari mehmondo'stlik, mehr va oqibatdan boshqa hech narsani ko'rmagan," deydi Nektalov.

Muharrir Ozarbayjon va Qozog'istondagi saylovlarga kuzatuvchi sifatida borganida boshqa din vakillariga nisbatan bag'rikenglikka guvoh bo'lgan. Bu esa bizni ham, qayerda bo'lishimizdan qat'iy nazar, tarixiy vatanimizni qo'llab-quvvatlashga, imkon tug'ilganda uni ko'klarga ko'tarishga chorlaydi, deydi Nektalov.

Buxoro yahudiylarini xorijdagi har bir o'zbek tadbirida uchratishingiz mumkin. Xoh yaqinda Manxettenda o'tgan bayroq kuni bo'lsin, xoh O'zbekiston Mustaqilligi kuni, xoh Navro'z bo'lsin.

Rafael Nektalovning aytishicha, yahudiylar Isroil, AQSh va boshqa mamlakatlarda qo'nim topgan bo'lsada, tarixiy vatanini unutmaslikka, bir necha yilda bir marta sayohat qilishga harakat qiladi. "Buxarian Tayms" gazetasi sahifalarida mintaqa va xususan O'zbekistondagi jarayonlarni chetda qoldirmaslikka harakat qilamiz, deydi u.

"Ba'zilar O'zbekistonda mahalliy sharoitni hisobga olmay o'zgarishlar tez bo'lishini, boshqa mamlakatlardagi modelning tadbiq etilishini istaydi. Iqtisodiy omillar, Afg'onistonga yaqinligini nazarda tutish kerak," deydi jurnalist.

Buxoro yahudiylari asosan Isroil va AQShda yashaydi. Millat rivojlanmoqda, deydi u.

"Marksning "borliq ongni belgilaydi" iborasiga to'liq qo'shilaman. Buxoro yahudiylari hayotida ko'p ijobiy o'zgarishlar sodir bo'ldi. Ta'limga jiddiy e'tibor berilmoqda. Nyu-Yorkda 25 ga yaqin madaniy markaz bor. Siyosiy jihatdan ham ancha faollashmoqda. Vakillarimizdan biri Nyu-Jersi shtatidagi shahar kengashiga kirdi. Nyu-York shahar kengashiga ham bir kishi nomzodini qo'yganmiz. Isroil parlamentida esa uch nafar sobiq o'zbekistonlik yahudiy deputat bor," deydi Nektalov.

Bu, uning fikricha, Buxoro yahudiylarining jipslashishiga va Markaziy Osiyo bilan aloqalarni yanada yaxshilashga imkon yaratmoqda. Nektalovning aytishicha, Buxoro yahudiylarining Markaziy Osiyo xalqlari bilan ko'p asrlik totuv hayoti Yaqin Sharqda tinchlik jarayoniga aloqador tomonlarga yaxshi namuna bo'lib xizmat qila oladi.

XS
SM
MD
LG