Ekspertlar: Rossiyaning Eronga ta'siri cheklangan


Xalqaro hamjamiyat Eronni yadro dasturidan qaytarish yo’llarini muhokama qilar ekan, ba’zilar Tehronning yaqin hamkorlarini, xususan, Rossiyani ishga solish kerak, demoqda.

Biroq tahlilchilar nazarida bu masalada Kremlning ta’siri cheklangan.

AQSh sobiq davlat xavfsizligi maslahatchisi, iste’fodagi general Brent Skoukroft fikricha, Eron zinhor yadro qurolini qo’lga kiritmasligi lozim.

“Gap faqat Eronda emas”, - deydi general. “Ketidan Misr, Saudiya Arabistoni, Turkiya kabi davlatlar ham qurol poygasini boshlashi mumkin. Muammo negizi ana shunda”, - deydi AQSh sobiq diplomati.

Tehron xavfiga javoban Obama ma’muriyati Sharqiy Yevropada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi qurmoqchi. Polshada raketani urib tushiradigan qurilma, Chexiya Respublikasida esa radar o’rnatiladi.

AQSh hukumati buning Rossiyaga ziyoni yo’q deb ishontirishga urinmoqda, ammo Kreml unamayapti.

Qurol nazorati uyushmasi rahbari Deril Kimball nazarida Rossiya bu tizim kelajakda kengayib, ildiz otishidan xavotirda. “Polsha va Chexiya uning yon qo’shnisi, Rossiya hadigi o’rinli”, - deydi u.

Ko’pgina ekspertlar deydiki, Rossiya istasa Eronni yadro dasturidan qaytarishi mumkin. Ammo tahlilchi Deyvid Kreymer Kremlning ta’sir kuchi cheklangan, deydi.

“Rossiya-Eron manfaatlari chambarchas bog’liq”, - deydi u. “Tijorat, yadro va energetika, qurol-yarog’ savdosi va hokazo”. Deyvid Kreymer taxminicha, Moskva ishning og’irini AQSh va g’arb davlatlariga yuklamoqchi. “Ular Eron ko’zida yomon otliq bo’ladi, Rossiya esa panada qolaveradi”, - deydi AQSh Davlat departamenti sobiq xodimi Kreymer.

XS
SM
MD
LG