Amerika Qo'shma Shtatlari 233 yilligini tantana qilmoqda


Amerika Qo'shma Shtatlari bugun o'z davlatchiligining 233 yilligini nishonlamoqda. Konsertlar, paradlar, shodiyonalar. Qayerga bormang, vatanparvarlik shukuhi hukmron.

Tantanalar odatda Filadelfiya shahrida boshlanadi. Amerika davlat sifatida 1776 yilda vujudga kelgan bo'lsa, XIX asrgacha Filadelfiya kontinentdagi eng yirik shahar va siyosiy markaz bo'lgan.

Mamlakat Britaniyadan mustaqillik e'lon qilib, bu boradagi deklaratsiya shu yerda imzolangan. Har yili bu davrda 50 shtat bo'ylab madhiya yangraydi.

Kolumbiya okrugi, poytaxt Vashington joylashgan federal hudud har doimgidan-da gavjum. Xalq faxrga to'la.

Qo’shma Shtatlar azaldan erkinlik, tenglik va imkoniyatlar diyori bo’lishni maqsad qilgan.

“Inkor etib bo’lmaydigan haqiqat shuki har bir inson teng yaralgan. Xudo har bir shaxsga uzviy huquqlar ato etgan. Inson borki yashash, erkinlik va baxtli bo’lish huquqiga ega”. Tomas Jefferson, Mustaqilllik Deklaratsiyasi,1776 yil, 4 iyul.

Deklaratsiya asoschisi sanalmish Tomas Jefferson Qo’shma Shtatlarning uchinchi prezidenti bo’lgan. Ushbu hujjat Amerika uchun bosh qomus, konstitutsiya bilan teng ko’riladi.

Deklaratsiya mustaqillikka yetaklagan bayonot ekan, kontinental kongress deya tanilgan kengash uning ustida uzoq bosh qotirgan.

Munozaralar Filadelfiyada, mustamlaka o’lkaning o’sha damdagi markazida o’tgan. Koloniyalar Buyuk Britaniyadan nima uchun ajralib chiqish zarurligi, bu yurt ne sabab mustaqil bo’lishi kerakligi ustida bahslashgan. Samara – mana shu oliy hujjat.

Har safar bu yurt zobitlari urushga otlanganida ularga mustaqillik deklaratsiyasidagi so’zlar eslatiladi: vatan ozodligi, inson erkinligi.

“Har bir inson farovon yashash imkoniyatiga ega. Mustaqillik, erkinlik biz uchun shuni anglatadi. Taqdirimiz o’z qo’limizda, kelajak o’z zimmamizda”,- deydi amerikaliklardan biri.

“Mana shu yurt farzandi ekanimga, erkin inson ekanimga shukur qilaman”,- deydi yana bir fuqaro.

Amerikaliklar mag’rur xalq, bu ayniqsa mustaqillik bayramida bilinadi.

4 iyul kuni minglab muhojirlar fuqarolik qasamyodi keltirib, yangi hayot boshlaydi. “AQSh konstitutsiyasi va qonunlarini e’zozlashga so’z beraman”,- deya va’da beradi ular.

Mustaqillik bayramida Amerika tarixining qonli damlari ham yodga olinadi.

Og’ir damlar qaytmasin, yosh avlod yorug’ va xurram bir jamiyatda yashasin deya niyat qilinadi. Har bir inson shunday yashashga loyiq deyiladi.

XS
SM
MD
LG