AQSh-Rossiya sammiti Markaziy Osiyo uchun ham muhim


Ziyolilar fikricha, prezidentlar Barak Obama va Dimitriy Medvedev muloqoti Markaziy Osiyoga ham taalluqli. Mintaqa hamon qudratli davlatlar manfaatlari to`qnash kelgan hudud sanaladi.

Rossiya Markaziy Osiyoga imperiyacha qarashdan voz kechmagan - mintaqaviy harbiy, siyosiy hamkorlikni kengaytirish bilan band. AQSh uchun esa Markaziy Osiyo Afg’oniston xavfsizligi, tinchligi tufayli g’oyat muhim.

Mintaqada bir tomondan demokratik islohotlar tarafdori bo`lmish G`arb davlatlari, boshqa tomondan avtoritar Rossiya va Xitoy manfaatlari to'qnashmoqda.

Mahalliy rahbarlar bu geosiyosiy ixtilofdan foydalanib keladi.

“Rossiya AQShning Yevropada mudofaa tizimi o’rnatish rejasini o’zgartirishi mumkin. Lekin nazarimda Obama siyosatini keskin burmasa kerak. AQSh pozitsiyasi Rossiyaga qarshi emasligini yana bir bor tushuntirsa kerak. Kompromiss bo’lishi mumkin. Shu jumladan, Markaziy Osiyo masalasi bo`yicha ham ”, - deydi siyosiy sharhlovchi Farhod Tolipov. aloqalarida

AQSh va Rossiya bilan aloqalar O'zbekiston uchun foydali

Amerika echlixonasida mustaqillik bayrami munosbati bilan o`tgan tadbirda elchi Richard Norland AQSh-O`zbekiston munosabatlarida yangi bosqich boshlanganini ta`kidladi.

“O’tgan yil AQShda yangi prezident ma’muriyati faoliyat boshlab, O’zbekiston bilan o’zaro anglashuvning yangi bosqichini boshlab berdi. Bu borada yuqori darajadagi muzokaralar bo`lib o`tdi. O`tgan yillardan saboq olgan holda O`zbekiston va AQSh mintaqaviy xavfsizlik, madaniy almashinuv, inson huquqlari, demokratik islohotlar va iqtisodiy sarmoya sohalari bo`yicha hamkorlikning yangi shakllarini amalga oshirmoqda”, - dedi AQShning O`zbekistondagi favqulotda va muxtor elchisi Richard Norland.

Farhod Tolipov AQSh va Rossiya o`rtasida avvalgi oliy darajadagi uchrashuvlarda ham Markaziy Osiyo masalasi qo`yilgan edi, deydi.

“Bush va Putin imzolagan hujjatlarda AQSh va Rossiya Markaziy Osiyo raqobat maydoniga aylanishidan manfaatdor emasligi qayd etilgan edi”, - deydi Tolipov.

Rasmiy Toshkent qisqa fursatda tashqi yo'nalishni keskin o'zgartira olishi bilan tanilgan

Strategik sheriklik shartnomasini imzolagan O`zbekiston va AQSh munosabatlari 2005 yil fojealaridan keyin keskin sovuqlashdi. Andijon voqeasini qoralagan Yevropa Ittifoqi O`zbekistonga qarshi sanksiya e`lon qildi.

Rasmiy Toshkent tashqi yo`nalishda burilish qilib, Kreml bilan ittifoqchilik shartnomasini imzoladi; Rossiya yetakchiligidagi siyosiy blokka qaytdi; Xitoy bilan munosabatlar yo`lga qo`yildi. So`nggi yillarda AQSh-O`zbekiston munosabatlarida tiklanish kuzatildi. Rasmiy Toshkent yana Kreml ta`sir doirasidan chekina boshladi.

“AQSh bilan ham, Rossiya bilan ham bo’ladigan aloqalar O’zbekiston uchun faqat foydali. Lekin bu yerda nimaning evaziga, nima olish mumkin degan savol o`rtaga chiqadi. Rossiya bilan haddan ortiq yaqinlashsak, ertaga Moskva bosimni kuchaytirmaydimi, degan xavotir bor”, - deydi sharhlovchi Shuhrat G`aniyev.

Barak Obama AQSh va Rossiya munosabatlarini yangi sahifadan boshlash zarur, demoqda.

Muzokarada AQShning raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi o’rnatish rejasi, yadro qurollarini kamaytirish, terrorizmga qarshi kurashda hamkorlik, global xavfsizlik kabilar muhokama qilinadi.

“Mudofa tizimi Chexiyada joylashadimi, yo`qmi, ahamiyati yo`q. Bu shunchaki bahona. Rossiya shuni bahona qilib, Kaliningradda qurollanishni kuchaytirmoqda. Obama rozi bo`lgan taqdirda, buning umumiy vaziyatga ta`siri bo`lmaydi. Yaqin yillarda Obama Rossiyaga nisbatan pozitsiyasini keskinroq ushlashga majbur bo`ladi”, - deydi sharhlovchi Iskandar Xudoyberganov.

Mintaqada ustunlik uchun kurash kuchaymoqda

Dunyoda energetik resurslarga ehtiyoj oshib, mintaqada manfaatlar to’qnashuvi yanada alanga olishi ta’kidlanadi.

AQSh, Yevropa Ittifoqi mintaqada demokratik islohotlarni qo`llashini bildirib keladi. Rossiya va Xitoy kabi davlatlar uchun avtoritar tuzumlar bilan muzokara yuritish qulayroq.

Tarixchi olim Fayzulla Is’hoqovning aytishicha, Rossiya mintaqada harbiy qudratini oshirish masalasi haqida jiddiy o`ylanmoqda.

“Sobiq ittifoqdagi tajovuzkorlik Rossiyaga ham xos. Mana, Janubiy Osetiya misolida ko’rdik. Keyin Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga kiruvchi davlatlarda ham munosabat har xil. O’zbekiston tezkor qo’shinlar tuzilishiga alohida munosabatda bo’ldi. Hozir Rossiya tuzayotgan harbiy tashkilotlar ko’p jihatdan xalqaro huquqiy normalarga javob bermaydi. So’nggi paytda buyuk davlatchilik kayfiyatini ochiq namoyon etmoqda”, - deydi tarixchi olim.

AQSh-O'zbekiston aloqalarida pragmatik manfaatlar ustun

Geosiyosiy vaziyat AQShning rasmiy Toshkent bilan tiklanayotgan munosabatiga ham ta'sir ko'rsata boshlagan, aloqalar ko'proq pragmatik manfaatlar asosida qurilmoqda.

“Birinchi o’rinda diplomatiya, xavfsizlik, iqtisodiy masalalar. AQSh uchun O’zbekiston Afg'oniston, kommunikatsiya, energetika sohasida juda muhim. Afsus, inson huquqlari masalasi keyingi o’rinlarda qolib ketmoqda”, - deydi Shuhrat G`aniyev.

Kreml Markaziy Osiyoga o’z hududi deb qarashdan qutula olmayapti.

MDH davlatlarida ham Rossiyaga nisbatan munosabat, hamkorlik ziddiyatdan xoli emas.

Rossiya taklif etayotgan hamkorlik asosan siyosiy, harbiy maqsadlarga yo`naltirilgan, iqtisodiy hamkorlikdan kutilgan umidlar oqlanmagan.

Kuchli davlatlar o'yini mintaqa uchun xavfli yakunlanishi mumkin

Rasmiy Kremlda, ayniqsa, so`nggi paytda imperiya ambitsiyalarining ochiq namoyish etilishi sobiq ittifoq davlatlarida xavotir bilan kutib olingan.

Gruziyadagi urush, Abxaziya va Janubiy Osetiya mustaqilligining Rossiya tomonidan tan olinishi MDHda ichki norozilikni uyg`otgan.

“Hozir Rossiya hukumatida “kommunist”lar o’tiribdi, ular avvaldan shunaqa bo`lishgan. Nafaqat Gruziya, boshqa masalalar ham xavfli tus olishi mumkin. O`zbekiston shundan xulosa chiqarishi va demokratiya yo’liga o’tishi kerak. Totalitar tuzumda qoladigan bo`lsa, muammolar yanada chigallashadi”, - deydi Iskandar Xudoyberganov.

Sharhlovchilar nazarida AQSh va Rossiya manfaatlari mintaqa yuzasidan ochiqdan-ochiq to’qnashmoqda.

Qirg`zistondagi “Manas” bazasi bilan bog`liq vaziyat bunga misol.

“Manas” haqida talqinlar juda ko`p, hatto bu borada Rossiya va Qirg`iziston oldindan kelishgani ham aytildi. Rossiya maqsadiga erishdi, AQSh mintaqadagi siyosatini Rossiya bilan maslahatlashib yuritishga majbur bo`ladi degan fikrlar ham aytildi. Lekin natijaga qarash kerak. AQSh bazani saqlab qoldi, raqiblari kutganidek mintaqani tashlab chiqib ketmadi. Afg`oniston bo`yicha harakatini davom ettirmoqda, bu uning yutug`i”, - deydi Tolipov.

Ekspertlar deydiki, qudratli davlatlar o’yini mintaqada xavfli natijalarga yetaklashi mumkin.

Markaziy Oziyo davlatlari mintaqaviy manfaatlarni birgalashib himoya qilishi mumkin. Ammo bu tashabbuslar o`zaro ziddiyat tufayli amalga oshmay qolmoqda.

XS
SM
MD
LG