Urumchida uyg'urlar bosh ko'targan, to'qnashuvlarda 156 kishi o'lgan


5 iyul kuni Xitoyning Shinjon-Uyg’ur muxtoriyatida avj olgan namoyishlar qonli tus olib, kamida 156 kishi halok bo’lgan.

Hokumatga qarshi namoyishlar Urumchida kechgan va bu yerdan olingan foto va video tasvirlar politsiya bilan to’qnashuvlar yuz berganidan guvoh beradi.

Bir yarim mingga yaqin fuqaro hibsga olingan, aksariyati uyg'urlar.

Xitoy davlat axborot vositalariga ko’ra, jarohatlangan va o’lganlar soni 1000 dan oshadi. 200 dan ortiq do’kon va 260 avtomobil yoqib yuborilgani ma’lum.

Xitoy hukumati uyg’ur namoyishlarini zo’ravonlik va ektremistik harakatning bir ko’rinishi deb ta’riflamoqda. "O’tgan oy bir fabrikada uyg’urlar boshqa fuqarolarga hujum qilib, tinchlikka raxna slogan",- deydi Liyu Yaxua, Shinjon qonun –tartibot idorasi rahbari.

Fabrikadagi to’qnashuvda ikki uyg’ur o’ldirilgan va jamoa adolat talab qilib, ko’chaga chiqqanini aytmoqda.

Xitoy hukumati jahon uyg’urlari yetakchisi Robiya Qodirni AQShdan turib, “Xitoyda osoyishta yashayotgan xalqini” qurol ko’tarishga undayotganlikda ayblamoqda.

Robiya Qodir bugun bayonot berib, “Urumchidagi namoyishlar shundan dalolat beradiki, Xitoy hukumati bu xalq dardiga boshqa ko’z yuma olmaydi. Ularning nimadan norozi ekanini tinglash payti yetgan. Uyg’urlar adolat talab qilmoqda”,- degan.

Jahon Uyg’urlari Kongressining Germaniyadagi vakili To’lqin Isoning aytishicha uning xalqi tinchlik tarafdori.

“Biz azaldan Xitoyni bu muammoni tinch yo’l bilan, muzokara orqali hal etishga undab kelayapmiz. Lekin Xitoy “qo’limda qurol bor. Uyg’urlarni yo’q qilishga qurbim yetadi” deb ish tutib, uyg’urlarning unga nisbatan g’azabini oshirmoqda. Xitoy biz bilan o’tirib, dardimizni tinglashi kerak”,- deydi u.

Uyg'urlar azaldan Xitoy zulmiga qarshi kurashayotganini, erkinlik va o’z-o’zini boshqarish huquqi uchun kurashayotganini aytadi. Xorijda yashayotgan uyg’urlar juda faol.

Avstraliyada bu jamoa yetakchisi Mamatamin A’lo deydiki:

“Xitoylar shunday bir uydirma bilan chiqayaptiki, go’yoki Urumchidagi namoyishlar ortida Jahon Uyg’urlari Kongressi va uning prezidenti Robiya Qodir turibdi. Haqiqatda esa Xitoyning asl maqsadi Sharqiy Turkistondagi uyg’urlarni siyosiy, iqtisodiy va madaniyat huquqlaridan tamoman ayirib, bu siyosatini berkitish uchun namoyishlarni zo’ravonlik deb atab, ularning qonini to’kayotganini chet eldagi uyg’urlarga to’nkash. Maqsad uyg’urlarni tamoman ezib tashlash, bu xalqni yo’q qilish”.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Xitoyni fuqaro erkinliklarini hurmat qilishga chaqirgan.

Dunyo bo’ylab 20 millionga yaqin uyg’ur bo’lsa, ularning yarmi Shinjonda yashaydi. Bu mintaqani ularning ko’pchiligi Sharqiy Turkiston deb ataydi.

Uyg’urlar, ma’lumki, turkiy millat va Markaziy Osiyoda asosan Qirg’iziston, Qozog’iston va O’zbekistonda katta sonni tashkil etadi.

Robiya Qodir boshchiligida turli davlatlarda uyg’ur tashkilotlari faoliyat yuritadi. Vashingtonda Amerika-Uyg’ur Uyushmasi katta lobbichi markaz sanaladi va uyg’urlar Amerikani suyangan tayanchi, yaqin homiysi deb biladi.


XS
SM
MD
LG